Surxondaryo viloyati hokimi To`ra Bobolov mehmonlardan o`zi aks etgan videotasvir tarqatilmasligini so`radi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur video kuni-kecha nikoh to`yi bo`lib o`tgan “Tokio–2020” Paralimpiya o`yinlari oltin medali sohibasi Guljanoy Naimova xonadonida tasvirga olingan.
Viloyat hokimi mashhur para-taekvondochi Guljanoy Naimovani tabriklash uchun tuman hokimi bilan birga uning uyiga borganida haqiqatan ham uch-to`rt nafar yoshlarning jarayonni telefonda tasvirga olishni boshlaganini ko`rib, ularga bironta internetga chiqmasin, deya murojaat qilgan.
"Shundoq ham ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqda o`zini ko`p reklama qilishdan istihola qiladigan hokim viloyatda bajarayotgan ayrim xayrli ishlarini keng jamoatchilikka ko`rsatishdan tiyilib turadi. Lozim bo`lgan hollarda ijtimoiy tarmoq orqali o`zi ham chiqishlar qilib, voqea-hodisalarni xalqimizga etkazayotganini barcha yaxshi biladi.
Mezbonlarga bu gap ana shu ma`noda aytilgan bo`lib, uni ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari boshqa yo`sinda talqin qilishi milliy qadriyatlarimiz va insoniylik fazilatlarimizga to`g`ri kelmaydi",-deyiladi hokimlik bildirgan munosabatda.