1

O`zbekiston milliy boks terma jamoasiga Kubadan 4 nafar mutaxassis olib kelindi

Sport 25.08.2022, 23:27
O`zbekiston milliy boks terma jamoasiga Kubadan 4 nafar mutaxassis olib kelindi

Bugun O`zbekiston Milliy Olimpiya qo`mitasida O`zbekiston boks federasiyasining navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasi bo`lib o`tdi.  

2 qismdan iborat bo`lgan konferensiyadan quyidagi masalalar o`rin oldi: O`zbekiston boks federasiyasining 2018-2022 yillarda amalga oshirgan ishlari yuzasidan hisobot, yangi 4 yillik muddat uchun federasiya rahbariyati tarkibini qayta shakllantirish, federasiya ustavining yangi tahririni ko`rib chiqish, federasiyaning yangi ramzini tasdiqlash.

Tadbirda dastlab federasiya raisi va uning o`rinbosarlari, federasiya bosh kotibi saylanib, 11 kishidan iborat Ijroiya qo`mitasi tarkibi shakllantirib olindi. Unga ko`ra, Saken Po`latov federasiya raisining birinchi o`rinbosari, O`zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo`mitasi raisi Akmalxo`ja Mavlonov federasiya raisining o`rinbosari, Shohid Tillaboev O`zbekiston boks federasiyasi bosh kotibi etib saylandi. O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o`rinbosari, O`zbekiston Qahramoni Achilbay Ramatov esa yana 4 yil davomida federasiya raisi sifatida faoliyatini davom ettiradigan bo`ldi.

Tadbir davomida yangi lavozimga saylangan mutasaddilar bildirilgan ishonchni oqlashga, o`zbek boksining rivojini yangi bosqichga olib chiqib, kelasi yil Toshkentda ilk bor o`tadigan jahon chempionati, Parij-2024 Olimpiya o`yinlarida yuqori cho`qqilarga zabt etish uchun bor kuch-g`ayratlarini safarbar qilishga va`da berishdi.

Tadbirning ikkinchi qismida O`zbekiston milliy boks terma jamoasining yangilangan murabbiylari shtabi ham rasman tanishtirildi. Unga ko`ra, kubalik mutaxassislar: Karlos Ivan Fuentes Villyanueva, Xuan Enrike Steyners Tissert, Xulio Li Echavarria va Xesus Alberto Morales Montero Boks bo`yicha O`zbekiston milliy terma jamoasi bosh treneri To`lqin Qilichevga yordamchi trener va fizioterapevt etib tayinlandi.

Oybek Shukurov.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1