1

Markaziy bank asosiy stavkani yillik 15 foiz darajasida o`zgarishsiz qoldirdi

Iqtisodiyot 27.10.2022, 15:29
Markaziy bank asosiy stavkani yillik 15 foiz darajasida o`zgarishsiz qoldirdi

Markaziy bank asosiy stavkani yillik 15 foiz darajasida o`zgarishsiz qoldirdi. Bu haqda Makaziy bank xabar berdi.

"Yil oxirigacha tashqi iqtisodiy muhitdagi noaniqliklar, global inflyasion jarayonlar, yuqori ichki iqtisodiy faollik va mavsumiylikning iste`mol narxlariga oshiruvchi ta`siri bilan bog`liq inflyasion xatarlar saqlanib qolinmoqda. Mazkur xatarlarni inobatga olib, asosiy stavkani yillik 15 foiz darajasida saqlab qolish bo`yicha qaror qabul qilindi", - deyiladi xabarda.

Ta`kidlanishicha, yuqori noaniqliklar sharoitida yil yakuni bo`yicha inflyasiya darajasi 12-12,5 foiz atrofida shakllanishi hamda 2023 yil uchun esa bazaviy ssenariy doirasida 8,5-9,5 foizgacha pasayishi prognoz qilinmoqda.

Qayd etilishicha, jahon bozorlarida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari, xomashyolar va energiya resurslari narxining ortishi fonida joriy yilning uchinchi choragida ham global inflyasiya o`sishda davom etmoqda.

Inflyasion jarayonlarni jilovlash maqsadida aksariyat markaziy banklar tomonidan pul-kredit sharoitlarining qat`iylashtirilishi va mos ravishda moliyaviy resurslar narxining qimmatlashib borishi kuzatilmoqda. Xususan, AQSh Federal zaxira banki tomonidan pul-kredit sharoitlarining qat`iylashtirilishi hisobiga dunyoning aksariyat valyutalari AQSh dollariga nisbatan qadrsizlanib bormoqda. 

Bu esa, iste`molda import ulushi yuqori bo`lgan va inflyasion kutilmalari valyuta kursiga ta`sirchan davlatlarda inflyasion jarayonlarning yanada tezlashishiga olib kelmoqda.

Tashqi vaziyat va savdo hamkorlardagi o`zgarishlarga tashqi iqtisodiy munosabatlarning moslashib borishi hisobiga mamlakatimizga valyuta oqimlari hajmida ijobiy tendensiyalar kuzatilmoqda.

Jumladan, joriy yilning o`tgan 9 oyida oltinsiz eksport hajmi o`tgan yilning mos davriga nisbatan 23,6 foizga ortib – 11,1 mlrd. dollarni, mamlakatimizga pul o`tkazmalari hajmi 2,2 barobarga ortib – 12,6 mlrd dollarni, aholining banklardan valyuta xaridi va sotuvi o`rtasidagi ijobiy tafovut – 2,5 mlrd. dollarni tashkil etdi.

Tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlar ta`sirida yuzaga keladigan inflyasion omillar va xatarlar sinchkovlik bilan o`rganilib, ularni bartaraf etish bo`yicha tegishli choralar ko`rib boriladi, deyiladi xabarda.

Ma`lumot uchun, asosiy stavkani ko`rib chiqish bo`yicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig`ilishi 2022 yil 15 dekabr kuniga belgilangan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1