1

Taniqli san`atkorlar Islom Karimov davrini tanqid qilayotganiga siyosatshunos munosabat bildirdi

Jamiyat 25.03.2023, 13:36
Taniqli san`atkorlar Islom Karimov davrini tanqid qilayotganiga siyosatshunos munosabat bildirdi

Taniqli san`atkorlar Islom Karimov davrini tanqid qilayotganiga siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov munosabat bildirdi:

"Ko`pchilik “Karimov davrida ko`p narsalarga erishgan taniqli shaxslar, bugun uni tanqid qilishmoqda”, degan e`tiroz bildirmoqda. Bu tanqidlar – vaziyatni umumiylashtirish hisoblanadi. Haqiqatda, Yulduz Usmonova, Ozodbek Nazarbekov, Matyoqub Matchonov va boshqalar Karimov davrida ko`zga ko`ringan san`at arboblari edi.

Lekin jamiyatimiz, odamlar Karimov davridagi o`yin qoidasini to`liq anglashi, buni unutmasligi kerak. Karimov davrida, nafaqat san`atkorlar, balki davlat arboblari ham misli ko`rilmagan bosim ostida edi. O`sha vaqtlarda ham Karimovning ishonchida bo`lgan, katta mulozim bo`lib ishlab turgan odamlar, haftasiga, oyiga kamida bir-ikki marta podvallarga tushib chiqishardi. Bu – sof Stalincha boshqaruv edi. Muttasil qo`rqitish va vaqti-vaqti bilan mukofotlash.

Yulduz Usmonova qanchalik “Gulisan” deb kuylamasin, u O`zbekistondan chiqarib yuborilgandi. “Bir vaqtlar opani o`zi ‘yurtfurushlar, tuprog`ingga zor bo`ladi’ deb kuylagan edi va ko`p yillar o`zi Turkiyada yashashga majbur bo`ldi. Ozodbek Nazarbekov ham, Matyoqub Matchonov va boshqalar ham, Karimov davrida tanilgani, davlat mukofotlari va lavozimlar olgani rost. Lekin bu davrdagi qo`rquv muhiti, odamlarning bir-biriga ishonmasligi, total nazorat tizimi, kechga borib nima bo`lishini hech kim bilmasligi – davlat siyosatining odati edi.

Bugun vaziyat biz istagan darajada huquqiy, liberal emas. Davlat koridorlarida, jamiyatda, odamlarning tafakkurida kurash ketayapti. Lekin bugun odamlar ijtimoiy tarmoqlarda bemalol hokimiyatni tanqid qilyapti. Kelajakda odamlar hukumatni rasmiy OAVlarida, TV kanallarida tanqid qila olishlari kerak. Lekin ijtimoiy tarmoqlarda ham qo`rqmasdan, ommaviy tanqid qilish asosida bitta ishonch bor, ya`ni ‘men hokimiyatni tanqid qilaman va buning uchun menga hech narsa bo`lmaydi!’, degan ishonch. Bu ishonch, aslida, ikkinchi ma`muriyat uchun katta yutuq, tarixiy tan olish hisoblanadi", - deydi siyosatshunos.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1