1

Sirdaryolik bedarak ketgan er 20 yildan keyin topildi

Jamiyat 01.04.2023, 22:34
Sirdaryolik bedarak ketgan er 20 yildan keyin topildi

Sirdaryolik ayol sudga ariza bilan murojaat qilib, turmush o`rtog`ini bedarak yo`qolgan, deb topish haqidagi avval qabul qilingan sud qarorini bekor qilishni so`radi. Bu haqda UzA xabar bermoqda.

 U o`z arizasida va suddagi tushuntirishida turmush o`rtog`i bilan 1993 yil 14 dekabrda qonuniy nikohdan o`tib turmush qurganligini, 2000 yilda turmush o`rtog`i uydan chiqib ketganicha qaytib kelmaganligini ma`lum qildi.

O`sha vaqtda  turmush o`rtog`i IIB tomonidan bir necha yil qidiruvda bo`lganligini, biroq topilmaganligini, fuqarolik ishlari bo`yicha Oqoltin tumanlararo sudining 2014 yil 24 iyuldagi hal qiluv qaroriga ko`ra, turmush o`rtog`i bedarak yo`qolgan, deb topilganligini ham aytdi. Lekin 2021 yil 23 sentyabrda Rossiya Federasiyasi, Evreyskaya avtonom oblasti, Birobidjan shahar notarial idorasi tomonidan tasdiqlangan va turmush o`rtog`idan o`g`lining nomiga ishonchnoma yuborilganligini va bedarak yo`qolgan turmush o`rtog`i topilganini ma`lum qildi.  Ya`ni ayni vaqtda  turmush o`rtog`i Rossiya davlatida yashab kelayotganligi aniqlanganligini bildirib, uni bedarak yo`qolgan, deb topish haqidagi avvalgi sud qarorini bekor qilishni so`radi.

Shuningdek, sud majlisida so`ralgan arizachining o`g`li  otasi haqiqatan ham 2021 yil 23 sentyabrda unga Rossiya Federasiyasi, Evreyskaya avtonom oblasti Birobidjan shahar notarial idorasi tomonidan tasdiqlangan ariza yuborganligini, u bilan gaplashib turishini, otasi Rossiya fuqaroligini olganligini bayon qilib, onasining arizasini qanoatlantirishni so`radi.  

O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 35-moddasiga ko`ra, bedarak yo`qolgan deb topilgan fuqaro qaytib kelgan yoki uning turar joyi aniqlangan taqdirda, sud uni bedarak yo`kolgan deb topish haqidagi qarorni bekor qiladi. Sudning qarori asosida fuqaroning mol-mulkini boshqarish bekor qilinadi.

O`zbekiston Respublikasi FPK ning 309-moddasiga ko`ra, bedarak yo`qolgan deb topilgan yoki vafot etgan deb e`lon qilingan fuqaro qaytib kelgan yoki uning turgan joyi aniqlangan taqdirda, sud o`zining ilgarigi hal qiluv qarorini yangi hal qiluv qarori bilan bekor qiladi. Yangi hal qiluv qarori tegishincha mol-mulkka nisbatan boshqaruvni yoki fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish daftaridagi fuqaroning vafotiga doir yozuvni bekor qilish uchun asos bo`ladi.

Fuqarolik ishlari bo`yicha Oqoltin tumanlararo sudining navbatdagi sud majlisida muhokama qilingan mazkur ish yakunida sudning xal qiluv qarori qabul qilindi. Ya`ni  1970 yil 13 noyabrda tug`ilgan fuqaro Mahmudovni bedarak yo`qolgan deb topish haqidagi fuqarolik ishlari bo`yicha Oqoltin tumanlararo sudining 2014 yil 24 iyuldagi hal qiluv qarori bekor qilindi.  

Shu o`rinda savol tug`iladi. Nega bu ayol topilgan  turmush o`rtog`ining bedarak yo`qolganligini rasman tan olinishini xohlamadi? Axir, turmush o`rtog`ining O`zbekistonga qaytib kelmasligi va oilasini qaytadan tiklay olmasligini yaxshi bilardiku. Uni sudga yana murojaat qilishiga sabab bundan yigirma yil avval bedarak yo`qolgan, deb topilgan turmush o`rtog`ining nomidagi uy-joyni farzandlarining nomiga rasmiylashtirish ehtiyoji bo`ldi.  

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1