O`zbekiston o`smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi Jamoliddin Rahmatullaev va jamoa futbolchisi Sherzod Abdulboriev Saudiya Arabistoniga qarshi o`yin oldidan matbuot anjumanida ishtirok etishdi.

Ayni paytda guruh bosqichi uchrashuvlari yakunlandi. Jamoa bosh murabbiyi Jamoliddin Rahmatullaev Saudiya Arabistoniga qarshi o`yinga boshqacha yondashuv bilan tayyorgarlik ko`rilayotganligini, futbolchilar mas`uliyat va sovuqqonlik bilan kerakli natija uchun maydonga tushirilishini aytdi.
"Avvalambor ushbu bosqichga etib kelgan barcha jamoalarni tabriklayman. Chorak final o`yinlari barcha uchun muhim hisoblanadi. Ushbu o`yin Jahon chempionati yo`llanmasini ham taqdim etadi. Shu sababli biz mazkur muhim o`yinda g`alaba uchun harakat qilamiz.
Biz ushbu turnirga juda katta motivasiya bilan kelganmiz. Yigitlarda ishtiyoq juda yuqori. O`yindan o`yinga jamoa har tomonlama rivojlanib bormoqda, ertaga ishtiyoqqa to`lib maydonga tushamiz. Bu futbolchilar bizning kelajagimiz. Aytganimdek, ularning o`sishlari, faoliyatlarida yirik turnirlar katta ahamiyatga ega", - dedi u.
Futbol assosiasiyasining ma`lum qilishicha, O`zbekiston U-17 terma jamoasi ertaga Osiyo Kubogi chorak finalida Saudiya Arabistoniga qarshi uchrashuv o`tkazadi. Ushbu bahsda futbolchilarimiz oq-ko`k libosda, darvozabonimiz esa to`q sariq libosda harakatlanadi.
Uchrashuv 26 iyun soat 19:00 da (Toshkent v.b.) Bangkok shahrining “Tammasat” stadionida start oladi.





