1

O`zbekiston—Amerika biznes-forumida 10dan ortiq hujjat imzolandi

Iqtisodiyot 17.09.2023, 17:00
O`zbekiston—Amerika biznes-forumida 10dan ortiq hujjat imzolandi

Vashingtonda bo`lib o`tgan O`zbekiston—Amerika biznes-forumida energetika, mashinasozlik, AKT kabi sohalar bo`yicha 12 ta hujjat imzolandi.

15 sentyabr kuni Shavkat Mirziyoevning Amerika Qo`shma Shtatlariga tashrifi arafasida poytaxt Vashingtonda O`zbekiston—Amerika biznes-forumi bo`lib o`tdi. Unda ikki mamlakatning asosiy vazirlik va idoralari, sanoat birlashmalari, tijorat banklari va investisiya tuzilmalari rahbarlari, shuningdek, AQShning AKT, mashinasozlik, qishloq xo`jaligi, engil sanoat, transport, bank ishi sohalarida faoliyat yurituvchi yirik korporasiyalarining rahbarlari ishtirok etdi.

Forumning ochilish marosimida O`zbekiston bosh vazirining o`rinbosari Jamshid Xo`jaev, investisiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, Amerika—O`zbekiston savdo palatasi boshqaruvi raisi Kerolin Lemm, AQSh EKSIM banki prezidenti Reta Jo Lyuis va davlat kotibi yordamchisi o`rinbosari Das Mark Pommersheim so`zga chiqdi.

Forum davomida O`zbekiston va AQSh o`rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalar jadal sur`atlarda rivojlanib borayotgani va bunga rahbariyatning siyosiy irodasi, hukumatlar va tadbirkor doiralar orasidagi doimiy hamkorlikning o`rni katta ekani ta`kidlandi.

Shuningdek, unda O`zbekistonning iqtisodiyot, savdo, sanoatni rivojlantirish va sarmoyaviy muhitni yaxshilash bo`yicha erishgan muhim yutuqlari taqdim etildi. Xususan, boshqa faktlar qatorida erkin bozor va sog`lom raqobat mexanizmlari yaratilgani, tadbirkorlikni faol qo`llab-quvvatlash, infratuzilmani rivojlantirish, energiya resurslari bilan ta`minlanganlik, iqtisodiyotda davlat ishtirokining qisqarishi va keng ko`lamli xususiylashtirish jarayonlari boshlangani qayd etildi.

Bundan tashqari, forumda tog`-kon, kimyo va energetika, to`qimachilik sanoati, qishloq xo`jaligi, farmasevtika, elektronika, axborot texnologiyalari kabi qo`shma investisiya loyihalarini amalga oshirishning eng istiqbolli yo`nalishlari belgilab olindi. Yuqori qo`shimcha qiymatga ega bo`lgan mahsulotlar ishlab chiqarish va uchinchi davlatlarga eksport qilish bo`yicha qo`shma korxonalar tashkil etishda katta imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

Tadbir davomida global raqobat, ta`minot zanjiri barqarorligini ta`minlash, tadbirkorlik muhitini rivojlantirish, innovasiyalarni rag`batlantirish, strategik prognozlash, xususiylashtirish va moliyaviy-texnik hamkorlik masalalari bo`yicha alohida sessiyalar o`tkazildi. 

Biznes-forum ishi O`zbekiston va AQSh vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari va etakchi kompaniyalari rahbarlarining “G2B” va “B2B” formatidagi uchrashuvlari bilan davom etdi. Ishtirokchilar qo`shma korxonalar tashkil etish va o`zaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzish masalalarini atroflicha muhokama qilishga muvaffaq bo`ldi.

Tadbir yakunida energetika, mashinasozlik, AKT, qishloq xo`jaligi, moliyaviy-texnik va ilmiy hamkorlik, tibbiyot va farmasevtika mahsulotlari ishlab chiqarish kabi sohalarda 12 ta hujjat imzolandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1