O`zbekiston va Ozarbayjon. Tili, dini, madaniyati bir bo`lgan bu ikki davlat iqtisod, madaniyat, san`at va media kabi juda ko`p sohalarda uzoq yillik hamkor hisoblanadi. Davlatlar orasidagi ana shunday do`st-birodarlik rishtalari yana bir karra mustahkamlandi.
Kecha, 2023 yilning 26 sentyabr kuni Editor.az rahbari Farid Shaxbazl, Azxeber.com bosh muharriri Gadjbek Geydarli, bosh direktori Afsaladdin Agalarovlar hamda Sevimli telekanal bosh direktori Jaloliddin Safoev, Darakchi.uz bosh muharriri Farida Egamberdieva va bosh maslahatchi Rustam Jabborov ishtirokida do`stona muloqot bo`lib o`tdi.
O`zaro suhbat ikki davlat o`rtasidagi do`stlik, xalqlar orasidagi madaniy o`xshashlik, siyosiy va iqtisodiy hamkorlik haqida kechdi.
Ma`lumot uchun aytish mumkinki, Azxeber.com Ozarbayjonning etakchi internet saytlaridan biri bo`lib, 2010 yildan buyon faoliyat yuritib keladi. Darakchi.uz esa O`zbekistonda eng ommabop saytlar o`ntaligidan o`rin olgan.
Shundan so`ng, O`zbekistonning Darakchi.uz internet sayti va Ozarbayjonning Editor.az hamda Azxeber.com sayti o`rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandumda ikki tomon o`z mamlakatlarining ichki va xalqaro hayotdagi dolzarb voqealari to`g`risida o`zbek, ozarbayjon, rus va ingliz tillarida tezkor va ishonchli axborot materiallari bilan muntazam almashib turish, sohadagi ilg`or tajribalarni o`rganish, jurnalistika, foto muxbirlik, video operatorlik va sohaga daxldor boshqa mutaxassislar malakasini oshirish maqsadida, o`zaro kadrlar amaliyotini o`tashi kabilar qayd etilgan.
Bundan tashqari kelgusida hamkorlikni mustahkamlash, ikki dalat jurnalistlari forumini o`tkazish kabi masalalar muhokama qilindi.
Suhbat yakunida mehmonlar Sevimli telekanali hamda Darakchi.uz tahririyati joylashgan bino bilan yaqindan tanishtirildi. Aytib o`tish joizki, mazkur binoda Zamon.uz internet nashri, Poytaxt radiosi kabi bir qancha media birlashmalar faoliyat yuritadi.