1

Evropa Ittifoqi “GSP+” tizimi bo`yicha imtiyozlarning amal qilish muddatini 4 yilga uzaytirdi

Siyosat 27.11.2023, 08:54
Evropa Ittifoqi “GSP+” tizimi bo`yicha imtiyozlarning amal qilish muddatini 4 yilga uzaytirdi

22 noyabr kuni Evropa Ittifoqi Preferensiyalar bosh tizimi plyus(«GSP+»)ning boshqa benefisiar mamlakatlar qatorida O`zbekiston uchun amaldagi muddatini keyingi to`rt yilga (2027 yil 31 dekabr) uzaytirishga qaror qildi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Bu haqida 2023 yilning 23 noyabr kuni Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi va Evropa Ittifoqining Delegasiyasi tomonidan birgalikda «O`zbekiston uchun Evropa Ittifoqining Preferensiyalar bosh tizimi plyus («GSP+») imkoniyatlarini kengaytirish» mavzusida o`tkazilgan matbuot anjumanida e`lon qilindi.

Matbuot anjumani ochilishida Evropa Ittifoqining Delegasiyasi rahbari, elchi Sharlotta Adrian quyidagilarni ta`kidladi:

- «GSP+» Evropa Ittifoqi va O`zbekiston o`rtasidagi hamkorlik tarixining haqiqiy muvaffaqiyat zarvarag`iga aylanib borayotganini ko`rishdan mamnunman. Bu mamlakatingizdagi xususiy sektorga katta turtki bo`lib, 448 million iste`molchiga ega Evropa bozorlariga kirishni osonlashtiradi, Evropa va O`zbekiston kompaniyalari o`rtasida mustahkam hamkorlikni rag`batlantiradi va chegaralarda sezilarli tejashlarga olib keladi.

Siyosiy nuqtai nazardan, «GSP+» BMTning 27 ta konvensiyasini amalga oshirish orqali inson va mehnat huquqlari, samarali boshqaruv va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida xalqaro standartlarga erishish bo`yicha O`zbekistonning strategiyasiga to`liq mos keladi.

«GSP+» muddatini uzaytirish xususiy sektor uchun ishlarni yanada samarali rejalashtirish imkonini beradi va Evropa Ittifoqining O`zbekistondagi islohotlar jarayonini qo`llab-quvvatlash bo`yicha sodiqligining qo`shimcha belgisi hisoblanadi.

Shuningdek, tadbir davomida investisiyalar, sanoat va savdo vaziri o`rinbosari Badriddin Abidov ham so`zga chiqib, quyidagilarni aytib o`tdi:

"Evropa Ittifoqi O`zbekistonga «GSP+» benefisiar mamlakati maqomini berishi va ushbu imtiyozlar muddatini uzaytirish bo`yicha qabul qilgan qarori bugungi kunda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligida mamlakatda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar, jumladan davlat boshqaruvi va fuqarolik jamiyatining kuchli institutlariga ega demokratik davlatni shakllantirish bo`yicha aniq o`zgarishlarning yaqqol xalqaro e`tirofidir.

«GSP+» doirasidagi imtiyozlardan ijobiy foydalanish bilan bir qatorda biz kelgusida ham ushbu mexanizm monitoringi jarayonlarida Evropa Ittifoqi bilan hamkorlik qilish va tegishli xalqaro konvensiyalar talablarini amalga oshirishda birga ishlashga tayyorligimizni bildiramiz.

Shu bilan birga, Evropa Ittifoqi bilan «GSP+» doirasidagi hamkorligimiz mamlakatimizda bozor iqtisodiyotini shakllantirish bo`yicha amalga oshirilayotgan tub islohotlarni yanada kengaytirish maqsadida Evropa tomoni bilan savdo-iqtisodiy va investisiyaviy aloqalarimizni yanada kengaytirishda sezilarli turtki bo`lishidan manfaatdormiz".

Shuningdek, tadbirda so`zga chiqqan «O`zto`qimachiliksanoat» uyushmasi raisi maslahatchisi Shahzoda Quchqorova va «O`zeltexsanoat» uyushmasi raisi maslahatchisi Bektemir Murodov tomonidan «GSP+» doirasida taqdim etilayotgan imtiyozlarning mamlakatning yuksak salohiyatga ega bo`lgan to`qimachilik va elektrotexnika sanoatlaridagi ahamiyati alohida e`tirof etildi.

Ta`kidlash joiz, Evropa Ittifoqi bilan savdo munosabatlarini mustahkamlash va O`zbekistonning eksport geografiyasini kengaytirish yuzasidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida, 2022 yil yakuni holatiga 628 ta korxona tomonidan (2021 yilning mos davriga nisbatan 116 ta ortiq) 647 million dollar miqdorida, ya`ni 2020 yilga nisbatan (292 million dollar) qariyb 2 barobardan ortiq hajmdagi mahalliy mahsulotlar Evropa bozorlariga chiqarilgan.

Jumladan, «GSP+» doirasidagi imtiyozlar asosida to`qimachilik sanoatida – 177,4 million dollar (2021 yilga nisbatan o`sish – 126,4 foiz), kimyo sanoatida – 138,3 million dollar (4,7 barobar), qishloq xo`jaligi va oziq ovqat sanoatida – 19,7 million dollar (103 foiz), elektrotexnika sanoatida – 9 million dollar (117 foiz) miqdoridagi mahsulotlar Evropa bozoriga eksport qilindi.

2022 yilda «GSP+» tufayli o`zbekistonlik eksportchilar 28 million evroga teng import bojlarini tejab qolishdi. Bu Evropa Ittifoqining O`zbekiston xususiy sektorini rivojlantirishga qo`shgan katta hissasidir. 2019 va 2022 yillar oralig`ida bu ko`rsatkich o`n baravardan ko`proq o`sdi.

Evropa Ittifoqi «GSP+» monitoringi Komissiyasining bo`lib o`tgan matbuot anjumanida e`lon qilingan hisobotida O`zbekiston xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik, zo`ravonlikka qarshi kurashish, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarni yaxshilash bo`yicha bir qator qonun hujjatlarini qabul qilish orqali BMT konvensiyalarini amalga oshirishda muhim yutuqlarga erishgani e`tirof etilgani ta`kidlandi.

«GSP+» imtiyozlar tizimining benefisiar maqomi O`zbekiston va Evropa biznesi vakillari o`rtasida o`zaro manfaatli savdo-iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish imkoniyatini yaratadi.

Yana bir ijobiy jihati – aholi farovonligiga ijobiy ta`sir ko`rsatilayotganligi, ya`ni savdo aloqalarining chuqurlashishi mamlakatimizda ishbilarmonlikni kengaytirish va yangi ish o`rinlari yaratishga xizmat qilmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1