AsosiyJamiyat
1438

Issiqlik elektr stansiyalaridagi jami 55 ta energoqurilma mukammal, o`rta va joriy ta`mirlandi

'Issiqlik elektr stansiyalaridagi jami 55 ta energoqurilma mukammal, o`rta va joriy ta`mirlandi'ning rasmi

Joriy kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida belgilangan rejaga asosan “O`zbekenergota`mir” AJ tomonidan issiqlik elektr stansiyalaridagi jami 55 ta energoqurilma, jumladan, 14 ta energoblok, 19 ta qozon qurilmasi, 9 ta bug`-gaz qurilmasi, 1 ta gaz-turbina qurilmasi mukammal, o`rta va joriy ta`mirlandi. Bu haqda “O`zbekenergota`mir” AJ Matbuot xizmati Darakchi.uz'ga ma`lum qildi.

Xabarda aytilishicha, tunu-kun faoliyat yuritgan ishchi-guruhlari tomonidan aniqlangan kamchiliklardan kelib chiqib, rejadan tashqari 16 ta asosiy va yordamchi qurilmalarda kengaytirilgan ta`mirlash ishlari bajarildi.

Shuningdek, “O`zbekenergota`mir” AJ tomonidan Toshkent issiqlik markazlarida katta hajmdagi qurilish-ta`mirlash va modernizasiya ishlari boshlab yuborildi. Xususan, Shayxontohur tumanidagi “G`arbiy” 3-sonli va Uchtepa tumanidagi “Chilonzor” 5-sonli issiqlik markazlarida modernizasiya ishlari amalga oshirildi. Issiqlik markazlarining har birida 2 tadan qozon rekonstruksiya qilinib, an`anaviy yoqilg`i bo`lgan tabiiy gaz bilan bir qatorda mazut yoqishga moslashtirildi. E`tiborlisi, qurilmaning gibrid shaklida ishlashi anomal sovuq ob-havo sharoitida ham, mazut yoqish evaziga iste`molchilarni 108 darajagacha issiq suv bilan ta`minlash imkonini beradi. Ma`lumot uchun, avvallari bu ko`rsatkich 36-38 darajadan oshmagan.

Qolaversa, “China National Technical Import and Export Corporation” (CNTIC) kompaniyasi bilan erishilgan kelishuvlarga ko`ra, Toshkent shahri aholisi va poytaxt iqtisodiyot tarmog`i korxonalari uchun qo`shimcha quvvatlar yaratiladi. Poytaxtimiz iste`molchilarining elektr va issiqlik energiyasiga bo`lgan talabini qondirish maqsadida 4-issiqlik markazida, shuningdek, Mirobod, Mirzo Ulug`bek, Shayxontohur, Yunusobod, Yashnobod va Uchtepa tumanlarida yangi, zamonaviy va energosamarador kogenerasion quvvatlar joriy etiladi.

Bundan tashqari, AQShning “General Electric Global Parts and Products GmbH” korporasiyasi bilan hamkorlikda elektr stansiyalaridagi amaldagi energobloklarning barqaror ishlashini ta`minlash bo`yicha chora-tadbirlar olib borilmoqda. AQShlik hamkorlar bilan olib boriladigan loyihalarning yana bir muhim jihati “O`zbekenergota`mir” AJning yosh mutaxassislari va xodimlarining malakasini va kasbiy mahoratini oshirish masalasi bo`lib, ular amerikalik mutaxassislarni jalb qilgan holda ta`mirlash va sozlash ishlarida ishtirok etadilar. Birgalikdagi sa`y-harakatlar orqali yoshlarimiz dunyoda tan olingan elektr qurilmalarini boshqarish va ular bilan ishlash bo`yicha bilim va tajribalarini rivojlantirishga imkoniyat yaratildi.

Xitoyning jahonga mashhur “State Grid” korporasiyasi tarkibidagi “China Electric Power Equipment and Technology Co., Ltd.” kompaniyasi bilan elektr stansiyalardagi yuqori kuchlanishli ochiq taqsimlash qurilmalarini qurish va modernizasiya qilish, yangi podstansiyalar qurib foydalanishga topshirish ishlarini olib borish belgilangan. Buning natijasida, O`zbekistondagi yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari tizimiga zamonaviy, shu bilan birga raqamli texnologiyalarni joriy etish, yangi ish o`rinlarini yaratish imkoniyati vujudga keladi.

Shuningdek, “O`zbekenergota`mir” AJ yurtimizdagi elektr stansiyalarini modernizasiya va rekonstruksiya qilish uchun import o`rnini bosuvchi yuqori samarador va zamonaviy energoqurilmalarni mahalliy sharoitlarda ishlab chiqarish bo`yicha loyihalarni ham amalga oshirmoqda.

Bugun esa, “O`zbekenergota`mir” AJ mutaxassislari kuz-qish mavsumini betalofat o`tkazish maqsadida elektr stansiyalarida tunu kun, sutkasiga 24 soat navbatchilik asosida faoliyat olib borishmoqda. Asosiy maqsad – bu elektr ob`ektlarining barqaror ishlashini ta`minlash, kutilmagan favqulodda vaziyatlarning oldini olish hisoblanadi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar