Ijtimoiy tarmoqlarda Chirchiq shahar IIB hibsxonasida fuqaro joniga qasd qilgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB rasmiy ma`lumot berdi.
Ma`lumotda aytilishicha, fuqaro 2001 yil tug`ilgan A.O`. O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 3-qismi “v” bandi (o`g`rilik, ko`p miqdorda) va 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (firibgarlik, takroran yoki xavfli residivist tomonidan) bilan qo`zg`atilgan jinoyat ishida ayblangan.
Tergov davomida, A.O`. muqaddam ham JKning 164-moddasi 2 qismi “a” bandi (bosqinchilik, qurol yoki qurol sifatida foydalanish mumkin bo`lgan boshqa narsalarni ishlatib) bilan sudlanganligi inobatga olinib, unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan.
Joriy yilning 1 dekabr kuni soat tungi 02.30 larda jinoyat ishi doirasida hibsxonada saqlanayotgan A.O`. kameradagi yopinchiq choyshabdan sirtmoq yasab, kamera oynachasining temir panjarasiga bog`lagan holda o`z joniga qasd qilgan.
Sud-tibbiyot ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko`ra, marhumning o`limi, bo`yin qismi sirtmoq bilan siqilishi natijasida kelib chiqqan mexanik asfiksiya oqibatida yuz berganligi aniqlangan.
Hozirda holat yuzasidan Prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari amalga oshirilmoqda, deyiladi xabarda.
02.12.2023 19:21
"Marhum kameradagi yopinchiq choyshabdan sirtmoq yasab, o`z joniga qasd qilgan"
