Yakkabog` tumanida qalbaki dori vositalarini sotayotgan shaxslar ushlandi. Bu haqida Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tomonidan bojxona boshqarmasi hamda Farmasevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Qashqadaryo bo`linmasi xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda ayon bo`lgan.
Yakkabog` tumani “Janbul” MFY hududida o`tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro S.B. fuqaro A.A.ga "Banksef", "Zanasef", "Gansef" va "Gandsef" nomli jami 3 767 dona qalbaki dori vositalarini 54 mln so`mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, ushbu dori vositalarini kelib chiqish manbasini aniqlash maqsadida davom etgan tadbirda, boshqa bir fuqaro L.D. fuqaro S.B.ga ushbu dori vositalarini 26 mln so`mga sotganligi aniqlanib, uning xonadonidagi yordamchi xo`jaligidan umumiy bahosi 1,3 mlrd so`mlik jami 14 909 dona qalbaki dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o`tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o`tkazish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.