Qatarning Doha shahridagi dizayn biennalesida "Hunarmand O`zbekiston: tolalardagi an`ana" ko`rgazmasi ochildi. Unda 49 ta qo`l mehnati namunasi, jumladan yog`och, ikat shoyisi va baxmal matosidan tayyorlangan buyumlar o`rin olgan.

24 fevral kuni Madaniyat va san`atni rivojlantirish jamg`armasi Qatarning Doha shahridagi dizayn biennalesida "Hunarmand O`zbekiston: tolalardagi an`ana" ko`rgazma loyihasini taqdim etdi. Unda prezident yordamchisi Saida Mirziyoeva ham ishtirok etdi.

"Biz shu kunlarda Qatarning poytaxti Doha shahrida bo`lib o`tayotgan Dizayn biennalesida Madaniyat va san`atni rivojlantirish jamg`armasi bilan birgalikda “Crafting Uzbekistan: Tradition in Threads” ko`rgazma loyihasini taqdim etmoqdamiz.
Ushbu tadbirda ham mahalliy, ham mintaqaviy, ham global miqyosda dizayn sohasiga oid ilg`or tajribalar almashinuvi bo`lib o`tadi. Undagi ishtirokimizdan mamnunman.
“Crafting Uzbekistan: Tradition in Threads” ko`rgazmasida O`zbekistonning boy hunarmandchilik an`analari bilan zamonaviy ijod uyg`unligini namoyish etmoqdamiz. Ko`p asrlik tarixga ega hunarmandchiligimizning bebaho merosi bizni an`ana va madaniyatimizni asrab-avaylashga undaydi.
Qatar Muzeylar idorasi vakillariga global madaniy almashinuvni rivojlantirish va badiiy innovasiyalar yaratish yo`lidagi harakatlari, shuningdek, Biennalega taklif uchun minnatdorchilik bildiraman",– deydi Prezident yordamchisi.








