Toshkent viloyatida 2 mlrd. 284 mln. so`mlik elektr energiyasidan o`g`rincha foydalangan noqonuniy maynerlar aniqlandi. Elektr o`g`rilari Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Ichki ishlar vazirligi va “O`zenergoinspeksiya”ning hududiy boshqarmalari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda fosh etildi.
Xususan, Yangiyo`l shahrida yashovchi, 1993 y.t. I.N. 10 dona “Antminer L3++” rusumli mayning qurilmalarini o`zboshimchalik bilan umumiy foydalanishdagi elektr tarmog`iga ulab, mayning faoliyati bilan shug`ullanishi natijasida, davlat manfaatlariga 1 mlrd. 19 mln. 400 ming so`m miqdorida zarar etkazgan.
Qibray tumanida istiqomat qiluvchi, 1998 y.t. R.J.ning xonadoni ko`zdan kechirilganda, u hech qanday ruxsatnomasiz mayning faoliyati bilan shug`ullanib, 685 mln. 939 ming. so`mlik elektr energiyasini talon-toroj qilganligi aniqlandi va undan 2 ta to`plamda bo`lgan mayning qurilmalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Qibray tumanida kuzatilgan yana bir holatda, 1982 y.t. M.S. o`zining yashash manzilida kriptovalyuta ishlab chiqarish faoliyati bilan qonunga xilof ravishda shug`ullanib, 3 ta to`plamda bo`lgan mayning qurilmalaridan foydalanishi natijasida, elektr energiyasi bo`yicha davlat manfaatlariga 579 mln. 474 ming so`m miqdorida zarar etkazgan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.