Farg`ona shahrida Damas haydovchisi YPX xodimining rasiyasini olib, qochib ketgani to`g`risida xabar berilgandi. Farg`ona viloyati IIBning ma`lum qilishicha, ushbu shaxsga nisbatan qonuniy chora ko`rilgan.
Qayd etilishicha, fuqaro M.Sh. jamoat joyida haqoratli so`zlar bilan so`kinib, jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzgan. Shuningdek, u ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmagan hamda IIO xodimiga tegishli maxsus vositani olib, ketib qolgan.
Damas'da qatnayman. Xodim keldi, hujjatlarimni ko`rsatdim. Inspektor noto`g`ri parkovka qilinganini aytdi. Jarima qimmatligidan jahlim chiqib so`kindim va rasiyasini olib ketdim. Qilgan ishimdan pushaymonman. Boshqa takrorlanmaydi. Xodimlar va fuqarolardan harakatlarim uchun kechirim so`rayman, — deydi haydovchi.
Holat bo`yicha to`plangan hujjatlar asosida Jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona shahar sudida ko`rib chiqilib, unga nisbatan 5 sutka ma`muriy qamoq jazosi qo`llanilgan.