AsosiyJamiyat
766

Toshkentga uchib kelganlar endi aeroportni o`zida mashinani ijaraga olishi mumkin bo`ladi

'Toshkentga uchib kelganlar endi aeroportni o`zida mashinani ijaraga olishi mumkin bo`ladi'ning rasmi

Toshkentga etib kelgan yo`lovchilar endi to`g`ridan-to`g`ri aeroportda avtomashinani ijaraga olish imkoniyatiga ega bo`ldi — "Europcar" brendi ostidagi avtomobillarni ijaraga berish kompaniyasi 20 maydan ish boshladi. Maydoni 8 kv.m bo`lgan joy E-auksion.uz elektron platformasida savdoga qo`yilgan edi. Xizmat Toshkent xalqaro aeroportining uchib kelish zalidan chiqishda joylashgan.

Avtomobilni ijaraga olish uchun poytaxt aeroportiga kelgan yo`lovchi "Europcar" peshtaxtasiga borib, shaxsini tasdiqlovchi hujjat va haydovchilik guvohnomasini taqdim etishi kerak. Shundan so`ng, Europcar.com, Expedia.com, EconomyBookings.com onlayn platformalaridan biri orqali avtomobilni tanlashi, shartnoma tuzishi va depozit yoki ijara haqini to`liq to`lashi lozim. Ro`yxatdan o`tish tugallangandan so`ng, yo`lovchiga avtomobil kaliti beriladi va mashina oldiga kuzatib qo`yiladi.

Kompaniya parkida yo`lovchi mahalliy yoki xorijiy ishlab chiqaruvchi avtomobilini, shuningdek, elektromobil yoki benzinda ishlaydigan avtomobilni tanlashi mumkin. Ta`kidlash joizki, ishlab chiqarilgan yili to`rt yildan, yurgan masofasi 80 ming km dan oshmaydigan avtomobillar ijaraga beriladi. Avtomobil ushbu ko`rsatkichlardan biriga etgandan so`ng, mashina tizimdan chiqariladi.

"Europcar" — 1949-yilda asos solingan, shtab-kvartirasi Parijda joylashgan avtomobil ijarasi kompaniyasi. Fransiyaning "Eurazeo" investision kompaniyasiga tegishli bo`lib, uning parkida 150 ta mamlakatda 250 mingdan ortiq avtomobil va 3 mingga yaqin ijara punktlari mavjud.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar