AsosiyDunyo
1791

“Eron el-yurt xizmatida bo`lgan mashhur, serg`ayrat va fidoyi insonlarini yo`qotdi"

'“Eron el-yurt xizmatida bo`lgan mashhur, serg`ayrat va fidoyi insonlarini yo`qotdi"'ning rasmi

Eron elchixonasi O`zbekiston hukumati va xalqiga minnatdorlik bildirdi.

Avval xabar qilinganidek, Eron Islom Respublikasining Prezidenti Ibrohim Raisiy  19 may kuni Ozarbayjon Respublikasi bilan birgalikda amalga oshirilgan qo`shma loyihaning ochilish marosimidan qaytayotgan vaqtda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon va ularga hamrohlik qiluvchi  boshqa rasmiy shaxslar bilan birga aviahalokatga uchragan edi.  

Mazkur fojia munosabati bilan mamlakatda besh kunlik motam e`lon qilindi.  

O`zbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Mirziyoev Ibrohim Raisiyning vafoti munosabati bilan Eron xalqi va rahbariyatiga   hamdardlik maktubi yo`lladi, Eronning Toshkentdagi elchixonasiga tashrif buyurib, ta`ziya bildirdi.

Shuningdek O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov hamda O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi O`zbekiston delegasiyasi Eronning marhum Prezidenti dafn marosimida ishtirok etishdi.  

Shu munosabat bilan Eron Islom Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi O`zbekiston  xalqi  va hukumatiga rasmiy minnatdorlik bildirdi.

“Eron el-yurt xizmatida bo`lgan mashhur, serg`ayrat va fidoyi insonlarini yo`qotdi. Biroq bu xalq Alloh taoloning madadi hamda Islom Respublikasi tuzumining mustahkam asoslariga tayangan holda, bu og`ir kunlarni ham engib o`tadi, - deyiladi mazkur nomada. - Marhum Prezidentimiz buyuk Eron xalqini ulkan yutuqlarga erishtirdi, musulmon va qo`shni davlatlar bilan hamkorlikni rivojlantirish yo`lida samarali sa`y-harakatlarni amalga oshirdi.

Eron va O`zbekiston rahbarlarining so`nggi qisqa vaqt ichida to`rt marotaba uchrashganlari ikki o`rtadagi do`stlik va birodarlikning yaqqol namunasi bo`ldi. Bu esa o`z navbatida ikki rahbar – Eron Islom Respublikasining marhum Prezidenti Ibrohim Raisiy janobi oliylari va O`zbekiston Respublikasining muhtaram Prezidenti Shavkat Mirziyoev janobi oliylarining muvaffaqiyatli davlat boshqaruvi, donishmandligi, samimiyligi va o`zaro birodar bo`lganligi hamda ularning o`zaro manfaatlarni ro`yobga chiqarish yo`lida sa`y-harakatlarni amalga oshirganliklarini ko`rsatadi.

O`zbekiston Respublikasining muhtaram Prezidenti Shavkat Mirziyoev janobi oliylari, mamlakat rahbariyatining boshqa vakillari, vazirliklar va idoralar, korxonalar va tashkilotlar rahbarlari hamda O`zbekiston jamoatchiligi va xalqining turli doiralari vakillarining Eron Islom Respublikasining Toshkentdagi elchixonasiga shaxsan kelib, hamdardlik daftariga yozuv qoldirganlari va hamdardlik bildirganlari o`sha ulug`vor shahidlar ruhlarining shod bo`lishiga hamda boshiga mana shunday og`ir kunlar tushib, qayg`uga botgan Eron xalqining tasalli topishiga sabab bo`ldi”.

Eron Islom Respublikasining O`zbekiston Respublikasidagi elchixonasi mazkur nomada  O`zbekiston hukumati va xalqining Eron hukumati va xalqiga hamdardlik bildirgani uchun o`zining cheksiz minnatdorchiligini bildirib, O`zbekiston Respublikasi bilan barcha sohalardagi, xususan savdo-iqtisodiy sohadagi har tomonlama aloqalarni rivojlantirish ishiga ko`maklashishni o`z faoliyatining ustuvor yo`nalishi sifatida belgilab, ikki davlatning muhtaram prezidentlari tomonidan belgilab berilgan yo`nalishdagi harakatlarini davom ettirishiga ishonch bildirgan.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar