Centrum Air Toshkent — Urganch yo‘nalishidagi reysda yuzaga kelgan holat yuzasidan rasmiy bayonot bilan chiqdi. Kompaniya Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining ortiqcha chipta sotilishi bo‘yicha e’tirozlarini rad etdi.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi xususiy aviakompaniyalar — Centrum Air va Qanot Sharq faoliyatida overbuking, ya’ni samolyotdagi o‘rindiqlardan ortiqcha chipta sotilishi ehtimoli yuzasidan Fuqaro aviatsiyasi agentligiga rasmiy so‘rov yuborgan edi.
Samolyot chaqmoq urgani sabab reys almashtirilgan
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yil 19 may kuni amalga oshirilishi rejalashtirilgan C6089 reysi uchun mo‘ljallangan Airbus A330 samolyotini chaqmoq urgan. Shu bois havo kemasi texnik ko‘rikka olingan va xavfsizlik nuqtai nazaridan parvozga chiqarilmagan.
Reyslar jadvalida katta kechikishlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida aviakompaniya kichikroq sig‘imga ega Airbus A320 samolyotini jalb qilgan. Natijada 42 nafar yo‘lovchi bortga sig‘magan va parvozni amalga oshira olmagan.
“Bu overbuking emas, fors-major holat”
Centrum Air mazkur vaziyat ortiqcha chipta sotish bilan bog‘liq emasligini alohida ta’kidladi.
“Centrum Air overbuking, ya’ni samolyotdagi o‘rindiqlardan ortiqcha chipta sotish amaliyotidan mutlaqo foydalanmaydi. C6089 reysidagi holat esa faqatgina kutilmagan fors-major sababli yuzaga keldi”, — deyiladi kompaniya bayonotida.
Shuningdek, aviakompaniya samolyotni xavfsizlik nuqtai nazaridan almashtirish huquqi amaldagi Yo‘lovchi va bagaj tashish qoidalari hamda shartnomaning 15-bandida belgilanganini eslatdi.
Yo‘lovchilarga kompensatsiya va yangi reyslar taklif qilingan
Reysdan qolib ketgan yo‘lovchilarga ikki xil variant taklif etilgan:
— chipta pulini to‘liq qaytarish;
— eng yaqin reyslarga, jumladan boshqa aviakompaniyalar orqali bepul qayta bron qilish.
Kutish vaqti uzaygan yo‘lovchilar mehmonxonaga joylashtirilgan. Bundan tashqari, har bir yo‘lovchiga ichki reyslar uchun 50 foizlik chegirma promokodi, bir dona bepul bagaj joyi hamda samolyotda qulayroq o‘rindiqni bepul tanlash imkoniyati berilgan.
“Barcha talablar qonun doirasida bajarilmoqda”
Kompaniya parvoz kechikkan yoki o‘zgargan hollarda yo‘lovchilarga oldindan xabar berilishi, kutish jarayonida bepul taom va ichimliklar taqdim etilishi, zarurat bo‘lsa mehmonxona bilan ta’minlanishini ma’lum qildi.
Bayonotda qayd etilishicha, barcha majburiyatlar “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun hamda Havo kodeksi talablari asosida bajarilmoqda.
Centrum Air Raqobat qo‘mitasi va Fuqaro aviatsiyasi agentligi bilan hamkorlik qilishga tayyorligini, tekshiruv uchun talab qilingan barcha hujjat va statistik ma’lumotlarni belgilangan muddatda taqdim etishini bildirdi.






