Marosimda Alisher Navoiyning boy adabiy va ma’naviy merosi nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun insoniyatning bebaho boyligi ekani ta’kidlandi. Qayd etilishicha, uning asarlari asrlar davomida ko‘plab avlodlarni ilhomlantirib kelmoqda hamda tadqiqotchilar, adabiyot ixlosmandlari va Sharq ma’naviyatini o‘rganuvchilar uchun muhim manba hisoblanadi.
Ta’kidlanishicha, Tbilisida Alisher Navoiy haykalining qad rostlashi O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi madaniy aloqalar rivojida yana bir muhim voqea bo‘ldi. Ikki xalqni azaldan savdo yo‘llari, do‘stlik va o‘zaro hurmat rishtalari bog‘lab kelgani, bir-birining boy madaniy merosiga qiziqish yuqori ekani qayd etildi.
Shuningdek, O‘zbekistonda buyuk gruzin shoiri Shota Rustaveli xotirasiga yuksak ehtirom ko‘rsatilishiga alohida urg‘u berildi. Xususan, Toshkentning markaziy ko‘chalaridan biri Shota Rustaveli nomi bilan atalgan bo‘lib, unga haykal ham o‘rnatilgan. O‘z navbatida, joriy yilda Tbilisi markaziy bog‘laridan biriga Alisher Navoiy nomi berilgan.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik sezilarli darajada faollashdi. Tbilisida O‘zbekiston madaniyati va kinosi kunlari, Toshkentda esa Gruziya madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Marosim yakunida Alisher Navoiy jahon adabiyotining buyuk namoyandasi ekani, uning bebaho ijodi insonparvarlik, ma’rifat, tafakkur va o‘zaro hurmat g‘oyalarini asrlar davomida targ‘ib qilib kelayotgani qayd etildi.
Ta’kidlanishicha, Tbilisidagi Alisher Navoiy haykali O‘zbekiston va Gruziya xalqlari o‘rtasida tobora mustahkamlanib borayotgan do‘stlik va hamkorlik munosabatlarining yana bir yorqin ramziga aylanadi.






