Iqlim o'zgarishi tufayli tungi haroratning ko'tarilishi odamlarni uyqudan mahrum qilmoqda. Dunyodagi har bir inson o'rtacha hisobda yiliga 50 soatdan ortiq uyqusini yo'qotmoqda. Bu haqda "Euronews" xabar berdi.
Dunyoning ko'plab hududlarida tropik kechalar soni ortib bormoqda. Tropik kecha — havo harorati tun davomida ham +20 darajadan pastga tushmaydigan holatdir. Bunday issiq kechalar insonning to'liq dam olishi va sifatli uxlashiga xalaqit beradi.
"Climate Central" tashkiloti 2020–2025 yillarni qamrab olgan tadqiqotida dunyoning 1300 dan ortiq shahridagi vaziyatni tahlil qildi. Natijalarga ko'ra, deyarli barcha shaharlarda issiq tufayli yo'qotilayotgan uyqu hajmi 1970-yillar boshiga nisbatan kamida ikki barobar oshgan.
Eng katta uyqu yo'qotishlari Yaqin Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida qayd etilgan. Ushbu hududlarda aholi yiliga o'rtacha 55–91 soat kam uxlagan.
1970-yillar boshida aholisi taxminan 500 ming nafar bo'lgan odatiy shaharda yashovchilar tungi issiq tufayli yiliga o'rtacha 46 soat uyqusini yo'qotgan. 2020-yillarga kelib bu ko'rsatkich 50 soatga, 2020–2025 yillarda esa 56 soatga yetgan.
Tadqiqot mualliflari ushbu o'sishning asosiy sabablaridan biri iqlim o'zgarishi ekanini ta'kidlagan.
Yevropada qaysi shaharlarda uyqu ko'proq buzilmoqda?
Yevropada eng katta uyqu yo'qotishlari janubiy hududlarda qayd etilgan. Jumladan:
— Italiyaning Neapol shahrida — yiliga 51 soat;
— Gretsiya poytaxti Afinada — 45 soat;
— Ispaniyaning Valensiya shahrida — 42 soat;
— Portugaliya poytaxti Lissabon va Fransiyaning Marsel shahrida — 40 soatdan.
Shimoliy Yevropa mamlakatlarida ham issiq kechalar uyquga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda. Biroq bu ko'rsatkich nisbatan past. Shotlandiyaning Edinburg shahrida aholi yiliga 21 soat, Shvetsiya poytaxti Stokgolm va Finlyandiya poytaxti Xelsinkida 20 soatdan uyqusini yo'qotmoqda. Eng past ko'rsatkich Norvegiya poytaxti Osloda qayd etilgan — 18 soat.
Mutaxassislarga ko'ra, uyqu inson organizmining normal faoliyati uchun muhim ahamiyatga ega. Tunda organizm tiklanadi, miya dam oladi va tana o'zini qayta tiklaydi. Havo harorati pasaymagan holatda esa organizm yetarlicha dam ololmay, stress holatida qolishi mumkin.
Uyqu buzilishi kayfiyatning yomonlashishi, fikrlash va xotiraning susayishi, ish unumdorligining pasayishi, shuningdek, yurak-qon tomir va immun tizimi bilan bog'liq kasalliklar xavfining ortishiga olib kelishi mumkin.
Yaqinda o'tkazilgan yana bir tadqiqot issiq kechalar 65 yoshdan oshgan odamlarning uyqusiga o'rtacha yoshdagilarga nisbatan ikki barobar ko'proq ta'sir qilishini ko'rsatgan. Shuningdek, ayollar va issiq iqlim sharoitida yashovchi insonlar ham yuqori harorat ta'siridan ko'proq zarar ko'rayotgani aytilgan.
Olimlarning fikricha, global haroratning ko'tarilishi davom etar ekan, bu tafovut yanada kuchayishi mumkin.
Eslatib o'tamiz, avvalroq Davlat mehnat inspeksiyasi O'zbekistondagi barcha hokimliklarni obodonlashtirish xodimlarini anomal issiqda ishlatmaslik bo'yicha ogohlantirgan edi.






