Tojikiston Din, an’ana va marosimlarni tartibga solish qo’mitasi duoxonlik diniy marosimini o’tkazishning yangi tartibini tasdiqladi. Unga ko’ra, endi bunday marosimlarni faqat vakolatli diniy xizmatchilar o’tkazishi mumkin. Bu haqda qo’mita “Asia-Plus”ning so’roviga yo’llagan yozma javobida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, qo’mita raisining tegishli buyrug’i 3 iyun kuni imzolangan. Hujjatda duoxonlik o’tkazish qoidalari va bunday marosimni amalga oshirishga ruxsat berilgan shaxslar doirasi belgilab qo’yilgan.
Yangi tartibga ko’ra, duoxonlik marosimini quyidagi diniy xizmatchilar o’tkazishi mumkin:
- Ulamolar kengashi a’zolari;
- katta imom-xatiblar — markaziy jome masjidlari imomlari;
- jome masjidlari imom-xatiblari;
- besh vaqt namoz o’qiladigan masjidlar imomlari;
- imom-xatiblar va imomlarning o’rinbosarlari;
- tegishli diniy tashkilot tomonidan ibodat va diniy marosimlarni o’tkazishga vakolat berilgan muazzinlar.
Qo’mita ma’lumotiga ko’ra, diniy xizmatchilar diniy ehtiyojlarini qondirish uchun murojaat qilgan fuqarolarga, jumladan, shariatga muvofiq duo o’qish orqali yordam berish huquqiga ega.
Shu bilan birga, diniy xizmatchilar sanitariya-epidemiologiya me’yorlariga rioya qilishi, belgilangan tartib bilan tanishishi, fuqarolarning tibbiy yordam so’rab murojaat qilishiga to’sqinlik qilmasligi va marosimlarni faqat Tojikiston qonunchiligi doirasida o’tkazishi shart. Yangi tartib bir qator cheklovlarni ham o’z ichiga olgan.
Xususan, diniy xizmatchilarga ayollar va bolalar uchun ularning mahramlari — diniy me’yorlarda ishtirok etishi nazarda tutilgan yaqin qarindoshlarisiz duo o’qish taqiqlangan.
Shuningdek, quyidagilarga ham yo’l qo’yilmaydi:
- jodugarlik, sehrgarlik va folbinlik bilan bog’liq xizmatlardan foydalanish;
- axloqsiz xatti-harakatlarni sodir etish;
- marosimni videoga olish hamda yozuvlarni ommaviy axborot vositalari yoki internetda tarqatish;
- ommaviy duoxonlik marosimlarini o’tkazish.
Bunday faoliyat bilan shug’ullanish uchun diniy xizmatchilar vakolatli organ — Din, an’ana va marosimlarni tartibga solish qo’mitasidan tegishli guvohnoma olishi mumkin.
Qo’mita vakillari ushbu qaror fuqarolarning folbinlar, sehrgarlar va norasmiy mullalarga murojaat qilishi ko’paygani bilan bog’liq ekanini bildirgan. Idora fikricha, diniy yordam olishning rasmiy imkoniyati yaratilmasa, odamlar davlat nazoratida bo’lmagan shaxslarga murojaat qilishda davom etadi.
Bu esa nazoratni qiyinlashtirib, qonunbuzarliklar, jumladan, jodugarlik, sehrgarlik va boshqa axloqsiz xatti-harakatlar bilan bog’liq xavflarni oshirishi mumkin.
“Asia-Plus” qo’mita pozitsiyasini keltirgan. Unga ko’ra, yangi tartib fuqarolarga diniy ehtiyojlarini “shariat yo’li” bilan — firibgarlar va sehrgarlar orqali emas, balki vakolatli diniy shaxslar yordamida qondirish imkonini berishi kerak.
Eslatib o’tamiz, so’nggi yillarda Tojikiston huquq-tartibot idoralari folbinlar, sehrgarlar va “norasmiy mullalar”ga qarshi kampaniya olib bormoqda. Nafaqat bu faoliyat bilan shug’ullanuvchilarning o’ziga, balki ayrim hollarda ularning mijozlariga ham nisbatan choralar ko’rilmoqda.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko’ra, 2026 yil boshiga kelib mamlakatda qariyb 5 ming nafar folbin, sehrgar va “norasmiy mulla” aniqlanib, hisobga olingan.
Folbin va sehrgarlarga murojaat qilganlik uchun jazo choralari kuchaytirilishi bilan bir vaqtda, mahalliy manbalar ma’lumotlariga ko’ra, Tojikistonning ayrim fuqarolari qo’shni mamlakatlardagi shunga o’xshash xizmatlardan foydalana boshlagan.
2024 yilda Tojikiston Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksiga folbinlik va sehrgarlik bilan shug’ullanganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi o’zgartirishlar kiritilgan edi. Buning uchun 4500 somongacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi belgilanishi mumkin.
Agar bunday huquqbuzarlik bir yil davomida takroran sodir etilsa, jinoyat ishi qo’zg’atilishi mumkin. Bunday holatda maksimal jazo ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni tashkil etadi.






