O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 4 may kuni yoqilg`i-energetika tarmog`ida samaradorlikni oshirish, energiya sarfini optimallashtirish masalalari yuzasidan yig`ilish o`tkazdi.
Mamlakatimizda iqtisodiyotni keskin rivojlantirish bo`yicha katta maqsadlar belgilangan. Buning uchun yangi energiya quvvatlarini ishga tushirish, mavjud resurslardan samarali foydalanish talab etiladi.
Masalan, yurtimizda ming dollarlik yalpi ichki mahsulot yaratish uchun rivojlangan davlatlarga nisbatan 2-3 barobar ko`p energiya sarflanadi. Neft mahsulotlariga yillik talabning 44 foizi import hisobidan qoplanmoqda.
Shu bois yig`ilishda yaqin yillarda energiya sarfini 2-2,5 barobarga qisqartirish masalalari muhokama qilindi.
Ommabop qishloq xo`jaligi texnikasi va yuk avtomobillarini gazga moslashgan holda ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish zarurligi ta`kidlandi.
Joriy yil yakunigacha 3 ta propan-butan aralashmasi hamda sintetik yoqilg`i (GTL) zavodi ishga tushirilishi qayd etildi. Buning natijasida aviakerosin, dizel va suyultirilgan gaz importi to`liq qisqaradi.
Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan energiyaning 40 foizi binolarni isitish va yoritishga sarflanadi. Bu jarayonda isrofgarchilik ham ko`p. Masalan, 1 kvadrat metr maydonni isitish uchun yurtimizda o`rtacha 400 kilovatt-soat, iqlim sharoiti bizga yaqin rivojlangan davlatlarda esa 170 kilovatt-soat energiya ishlatiladi.
Shu bois ko`p qavatli uylarni loyihalash va qurishda energiya tejovchi texnologiyalarni keng qo`llash, ijtimoiy soha ob`ektlarining energiya samaradorligini oshirishga xorijiy investisiyalar jalb qilish bo`yicha topshiriqlar berildi.
Sanoatdagi energiya sarfi ham tahlil qilinar ekan, har bir soha va tarmoq kesimida ushbu resursni tejash va samaradorligini oshirish bo`yicha dastur ishlab chiqish vazifasi qo`yildi. Xalqaro energoaudit tashkilotlarini jalb qilib, 285 ta yirik sanoat korxonasining energiya samaradorligini o`rganish, uch smenada ish tashkil etgan tadbirkorlarga kechki smena uchun elektr tarifini 1,5 baravar kamaytirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari – hali to`la foydalanilmayotgan ulkan rezervlardan biri. Albatta, bu yo`nalish boshida katta xarajat talab qiladi. Lekin, bu kelajakda tabiiy gaz va neft tanqisligini hal qilish, iste`molchilar uchun esa sarf-xarajatlarni kamida 2 barobar tejash imkonini bersa, o`zini oqlaydi.
Misol uchun, agar 150 mingta xonadonga quyosh panellari va suv isitish tizimlari o`rnatilsa, yiliga 319 million kub metr tabiiy gazni tejasa bo`ladi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rag`batlantirish, qonun hujjatlarini qayta ko`rib chiqib, jahon tajribasi asosida iste`molchilarga qo`shimcha shart-sharoit yaratish muhimligi ta`kidlandi. Sohaga to`g`ridan-to`g`ri investisiyalar jalb qilish, viloyatlarda quyosh fotoelektr va shamol elektr stansiyalari qurishga doir masalalar ko`rib chiqildi.
Elektr energiyasi hamda tabiiy gaz sarfini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini yanada keng joriy etish masalalariga ham to`xtalib o`tildi.
Karantin sababli yoqilg`i-energetika korxonalarida mablag` tanqisligi vujudga kelishini inobatga olib, ularni moliyaviy qo`llab-quvvatlash, aylanma mablag`larini ko`paytirish chora-tadbirlari belgilandi.
Yig`ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.






