Prezident tomonidan 2020 yil 19 may kuni “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmon imzolandi.
Mazkur hujjat bilan 2020 yil 1 iyuldan boshlab xo`jalik boshqaruvi organlari vakolatiga kiruvchi masalalar va korporativ munosabatlar qonunosti hujjatlarini qabul qilish yoki ma`muriy usullar orqali tartibga solinishini ta`qiqlanib, jismoniy va yuridik shaxslar uchun javobgarlik belgilovchi huquqiy normalarning faqatgina qonunlar bilan o`rnatilishini belgilanmoqda.
Shu bilan birga idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga jismoniy va yuridik shaxslar uchun qo`shimcha to`lov va yig`imlarni belgilovchi, ortiqcha ma`muriy va boshqa cheklashlarni nazarda tutuvchi, asoslanmagan xarajatlar keltirib chiqaruvchi huquqiy normalarni kiritishga yo`l qo`yilmasligi mustahkamlab qo`yildi.
Ma`lumki, har qanday jamiyatda qonun ustuvor bo`lishi kerak va barcha qabul qilinadigan boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qonun talablariga zid bo`lmasligi hamda qonundda belgilanganidan boshqacha talqin qilinmasligi kerak.
Ma`muriy usulda tartibga solish hamda jismoniy va yuridik shaxslar uchun javobgarlik belgilovchi huquqiy normalarning qonunosti hujjatlarida aks etishi amalga oshirilayotgan islohatlarga salbiy ta`sir ko`rsatish bilan birgalikda qonunchilikka ishonchsizlik keltirib chiqaradi.
Masalan, qonunosti hujjatida chet el investoriga nisbatan qonunda nazarda tutilmagan javobgarlikning belgilanishi yoki bo`lmasa unga qo`shimcha majburiyat yuklanishi, uning mamlakatimiz qonunchiligiga nisbatan ishonchsizligiga sabab bo`ladi. U qonun bilan o`ziningg huquqlari va majburiyatlari aniq belgilab qo`yilgan holda, ertaga qonunosti hujjati bilan muayyan holatda javobgar bo`lib qolishdan hadiksiraydi.
Ayrim holatlarda turli sohalardagi ijtimoiy munosabatlarni tarqoq holda tartibga solinishi huquqiy kolliziyalar, huquqni qo`llashda turlicha talqin qilish kabi murakkabliklarni yuzaga keltirib chiqarayotganligini guvohi bo`lamiz.
E`tiborlisi, Farmon bilan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda «paket» prinsipi joriy qilinmoqda. Ya`ni, yangi qonun loyihasi bilan belgilanayotgan qoidalar ilgari qabul qilingan qonunlarga tegishli o`zgartirishlar kiritishni taqozo etganda, avvalgi qonunlarga o`zgartirish kiritish uni qabul qilish bilan bir vaqtning o`zida amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Bu bilan bir ijtimoiy munosabatni tartibga solishga qaratilgan bir necha normativ huquqiy hujjatni bir vaqtda qabul qilinishiga erishiladi. Amaliyotda qonun normalarini ishlatish mexanizmlari bo`yicha muammolar kelib chiqishining oldini oladi.
Albatta, mazkur talablardan kelib chiqib parlament tomonidan qonunlarni qabul qilishda qonun ijodkorligi faoliyatini huquqiy tartibga solishning ortiqcha yukini istisno etishga qaratilgan zamonaviy uslublarini joriy etish, islohotlar jarayonida samarali, ijtimoiy munosabatlarda to`g`ridan-to`g`ri amal qiluvchi qonunlarni qabul qilish ustuvor vazifalardan biri bo`lib qoladi.
Muxtasar qilib aytganda Farmonda bilan belgilanayotgan islohotlar demokratik huquqiy davlat qurish, kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta`minlashlashga qaratilgan bo`lib, undagi talablarni amalga oshirilishini ta`minlash mas`ul idoralar va parlament oldida turgan muhim va mas`uliyatli vazifa hisoblanadi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati





