my5
Sevimli

Sud qarorining ham amal qilish muddati bormi?

Savol-javob 24.04.2021, 17:04
Sud qarorining ham amal qilish muddati bormi?

"Darakchi" tahririyatiga Qoraqalpog`iston Respublikasi Chimboy tumanida yashovchi fuqaro M.Tashibaevadan quyidagicha murojaat kelib tushdi:

— Kuyovim bilan qizim ajrashgan, bir nafar bolasi bor. Nabiramning tug`ilganlik guvohnomasida otasining ismigina yozilgan, familiyasi qizimniki. Familiyasini o`zgartirish uchun FHDYoga borsak, otalikni belgilash haqidagi sud qarori 2015 yil chiqqan ekan. Oradan 4 yil o`tgan, qarorning amal qilish muddati o`tib ketgan”, deb ortimizga qaytardi. Shu to`g`rimi?

Fuqaroning murojaatiga javob olish maqsadida Fuqarolik ishlari bo`yicha Shayxontohur tumanlararo sudi raisi Bexzod Sagatov bilan bog`landik...

— Fuqarolik prosessual qonunchilikka ko`ra, sudning qonuniy kuchga kirgan hujjatlari barcha davlat organlari va boshqa organlar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy hamda O`zbekistonning butun hududida ijro etilishi lozim. Sudning otalikni belgilash haqidagi hal qiluv qarorini amal qilish muddati qonunchilikda nazarda tutilmagan, ya`ni sudning hal qiluv qarori bekor qilinmagan va qonuniy kuchda bo`lsa, butun davr mobaynida amalda bo`ladi. Mazkur holatda tuman FHDYo bo`limi tomonidan amalga oshirilgan xatti-harakati (agarda qizingizdan hal qiluv qarori bugungi kunda qonuniy kuchda yoki emasligi haqida ma`lumot talab qilinishi munosabati bilan qaytarib yubormagan bo`lsa) noo`rin hisoblanadi. Mazkur holatda qizingiz hal qiluv qarorini qabul qilingan fuqarolik ishlari bo`yicha tumanlararo sudidan sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchda ekanligi haqidagi ma`lumot olgan holda tuman FHDYo bo`limiga qayta murojaat qilishga haqli.

Sadoqat ALLABERGANOVA

Шарҳлар