my5
Sevimli

Ishni ta`lim bilan birga olib borayotganlar uchun qanday imtiyozlar belgilangan?

Savol-javob 10.05.2021, 23:47
Ishni ta`lim bilan birga olib borayotganlar uchun qanday imtiyozlar belgilangan?

Tahririyatga quyidagicha savol kelib tushdi...

— Hozirda talabaman, lekin soham bo`yicha ishlayman ham. Ishni ta`lim bilan birga qo`shib olib borayotgan shaxslar uchun qanday imtiyozlar belgilangan?

Mazkur murojaatga javob olish maqsadida Toshkent tumanlararo ma`muriy sudi sudyasi Akram Yusupov bilan bog`landik:

— Mehnat kodeksining 248-moddasiga ko`ra, ishlab chiqarishda kasbga doir ta`lim olayotgan, ishlab chiqarishdan ajralmagan holda malakasini oshirayotgan yoki ta`lim muassasalarida o`qiyotgan xodimlarga ishni ta`lim bilan birga qo`shib olib borishlari uchun ish beruvchi zarur sharoitlar yaratib berishi shart. 

Ta`lim muassasalarida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda o`qib, o`quv rejasini bajarayotgan xodimlar mehnat to`g`risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda belgilangan tartibda ish joyidan haq to`lanadigan qo`shimcha ta`tilga chiqish, qisqartirilgan ish haftasi sharoitida ishlash va boshqa imtiyozlar olish huquqiga ega.

Ta`lim muassasalarida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda o`qiyotganlarga yillik ta`tillarni ish beruvchi ularning xohishiga ko`ra imtihonlar va laboratoriya-imtihon sessiyalari vaqtiga to`g`rilab berishi shart.

Sadoqat ALLABERGANOVA

Шарҳлар