Ro`za holatda atir ishlatish mumkinmi? Gul va shunga o`xshash xushbo`yliklarni hidlash-chi?
Bahora. Samarqand
— Ro`zada atir ishlatish durust. Gul hidlash ro`zani ochmaydi. Anas ibn Molik raziyallohu anhu Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan “Ro`zador odam o`pishi mumkinmi?” deb so`raydi. Shunda Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Buning rayhon gulini hidlagandek zarari yo`q”, deydilar. (Tabaroniy rivoyati). Demak, gul hidlash o`pish kabi ro`zani ochmas ekan.
Faqat ud, anbar va shunga o`xshash o`tga tashlaganda hid chiqaradigan xushbo`yliklarning tutunini ichga kiritsa, ro`zani ochadi. Shuningdek, ro`zada isiriq tutatib, tutunni ichga kiritsa ham ro`za ochiladi. Imom ash-Shurunbuloliy: “Odamlarning ko`pchiligi bundan g`ofildirlar. Ularni ogohlantirish kerak, chunki, ular atir bilan udu anbar tutunini bir xil deb o`ylaydilar”, degan. (“Mavsu`at ul-fiqhiyya”).
Manba: Islom.uz
Diqqat, diqqat! “Darakchi.uz"ning Telegram’dagi rasmiy kanaliga a`zo bo`lib, yangiliklardan boxabar bo`ling!