Murojaatlaringizga advokat Nafisa IBRAGIMOVA javob beradi. Eslatib o`tamiz, mutaxassis izohi tavsiyaviy xarakterga ega.
«O`G`ILLARIMGA UY TALAB QILOLAMANMI?»
— Bir yarim yildan buyon ota uyimdaman. Kelin bo`lib tushgan hovlim qaynonamning nomida. Erim bilan ajrashgan taqdirimda ikki o`g`lim, otasining uyidan biror ulushga ega bo`ladimi? Ularga joy ajratib berishlarini so`rab sudga murojaat qilishim mumkinmi?
Zarifa Komiljonova, Toshkent viloyati
— Uy qaynonangizning nomida bo`lishidan qat`i nazar, ushbu uyga kelin bo`lib tushganingizda oila a`zosi sifatida turar-joydan foydalanish huquqingiz yuzaga kelgan. Shunga ko`ra, farzandlaringiz bilan uyga kiritishni so`rab sudga murojaat etishingiz mumkin.
«BOLALAR NEChA YoShDAN «PROPISKA»GA QO`YILADI?»
— Kichik yoshdagi bolalarni qachon uy «propiska»siga kiritish kerak? Buning uchun qaerga murojaat qilinadi?
Omina Qo`shjonova, Samarqand viloyati
— Farzand dunyoga kelgach, bola ota-onasi doimiy ro`yxatda bo`lgan turar-joyga ro`yxatga qo`yilishi lozim.
«HUJJATLARNI RASMIYLAShTIRISh UChUN PUL SO`RAShDI...»
— Bir tumandagi kvartaldan ikkinchi kvartalga ko`chib o`tayotgandik. Uy hujjatlarini rasmiylashtirish uchun «BTI»ga uchrashsam, mendan 35.000 ming so`m so`rashdi. Aslida ham shunday qilinadimi?
Malika Qosimova, Toshkent shahri
— Tuman «Er tuzish va ko`chmas mulk kadasrt xizmati» xodimlarining harakatidan norozi bo`lgan holatingizda ushbu tashkilot rahbariga murojaat etishingiz mumkin.
«SOBIQ XOTINIM ULUSh SO`RAYaPTI...»
— Ikki nafar farzandim bor. Xotinim bilan ajrashganman. U nogiron farzandimni tashlab, qizimni o`zi bilan olib ketgan. Qizimga aliment to`layman. Sobiq xotinim shu kunlarda uy–joyga ko`z olaytirgan. Uy meni nomimda ekanligini bilib, yarmini menga o`tkazib berasan deydi. Uning bunga haqqi bormi?
G`aybulla To`raev, Qashqadaryo viloyati
— Agar uy nikoh davrida olingan bo`lsa, nikoh davrida olingan mol-mulk er-xotinning birgalikdagi mulki hisoblangani bois turmush o`rtog`ingiz undan ulush talab qilishi mumkin.
«KUYoVIMNING OILASI BOR EKAN...»
— Qizim yashab kelayotgan uy buzilish ro`yxatiga tushib, o`rniga yangisi berildi. Ko`chib o`tishganidan so`ng bildikki, kuyovimning boshqa oilasi va yana ikki farzandi ham bor ekan. Endi ana shu bolalarni ham uy «propiska»siga kiritmoqchi. Bu yoqda ikki nafar nabiram ham «propiska»ga kiritilgan. Uy kuyovimning nomida. Ayting-chi, erining boshqa oilasidan bo`lgan bolalarini uy ro`yxatiga kiritmaslik uchun qizimning biror haq-huquqi bormi?
Ismi sir tutildi
— Voyaga etmagan farzandlar ota yoki onasining doimiy ro`yxatdagi turar-joyi bo`yicha ro`yxatga olinadi.