Murojaatlaringizga advokat Nafisa IBRAGIMOVA hamda Mirobod tumani hokimiyati Moliya bo`limi mahalla inspektori Nodir ZOIDOV javob berishadi.
Eslatib o`tamiz, mutaxassislar izohi tavsiyaviy xarakterga ega.
«AMAKIMGA INSOF BERSIN!»
— Otam vafot etgan. Bobomning nomida bo`lgan uyda amakimning oilasi bilan birga yashaymiz. Uy «propiska»sida bo`lsak ham u kishi bizni ko`chaga haydayapti. Turar-joy unga tegishli ekan. Uning bunga haqi bormi?
Maftuna Eshmurodova, Surxondaryo viloyati
— Uy mulkdori, ya`ni bobongiz vafot etgan bo`lsa, otangizning o`limidan so`ng siz unga tegishli bo`lgan ulushga nisbatan merosxo`r hisoblanasiz. Bunday holatlarda boshqa merosxo`rlar bo`lmagan taqdirda, amakingiz bilan teng barobar mulkdor sanalasiz. Bordi-yu, bobongiz hayot bo`lsa, siz va oila a`zolaringiz uy ro`yxatida bo`lganingiz bois, turar joydan doimiy foydalanish huquqiga egasiz.
«BOLALAR KIMGA QOLADI?»
— Xotinim bilan ajrashayapmiz. 10, 11 va 12 yoshdagi farzandlarimiz bor. Ajrim masalasi hal etilayotganda bolalar kimda qoldiriladi?
Odil Diyorov, Samarqand viloyati
— Voyaga etmagan farzandlar kimning tarbiyasida qolishi ajrashayotgan er-xotin tomonidan hal etiladi. Er yoki xotinning tarbiyasida qolgan farzandlarni, ikkinchi tomon, o`zaro kelishuv asosida, kelishuvga erishilmagan holatda esa, sudning hal qiluv qarori bilan belgilangan tartibda tarbiyasida ishtirok etishi mumkin.
«ISh JOYIDA OLINGAN JAROHAT KIMNING BO`YNIDA?»
— 2006 yili ish payti avtohalokatga uchrab, jarohat olganman. Shuni deb hozir nogiron bo`lib qoldim. Eshitishimcha, bunday vaziyatlarda xodim etkazilgan zarar uchun kompensasiya so`rashga haqli ekan. Oradan shuncha yil o`tib endi ham zararni undirish da`vosi bilan murojaat qilsam bo`ladimi?
Ismi sir tutildi.
— O`z mehnat vazifalarini bajarishi munosabati bilan etkazilgan har qanday (shu jumladan, ma`naviy) zararni ish beruvchi to`liq hajmda to`laydi. Fuqaro jarohatlanganda yoki uning sog`ligiga boshqacha shikast etkazilganida jabrlanuvchi oladigan yoki muayyan ravishda olishi mumkin bo`lgan yo`qotilgan ish haqi (daromadlari), shuningdek salomatligiga shikast etkazilishi tufayli qilgan qo`shimcha harajatlari, shu jumladan davolanish, qo`shimcha ovqatlanish, dori-darmonlar sotib olish, protez qo`ydirish, birovning parvarishida bo`lish, sihatgohlarda davolanish, maxsus transport vositalarini sotib olish, boshqa kasbga o`tish harajatlarining o`rni qoplanishi lozim. Fuqarolarning hayotiga va sog`ligiga etkazilgan zararni to`lash haqidagi talablarga da`vo muddatlari joriy etilmaydi.
«TAYYoRLOV KURSIDA O`QISAM MAOSh OLAVERAMANMI?»
— Xodim qayta tayyorlov kurslarida o`qisa, ish haqi saqlanib qoladimi yoki yo`q? Ish joyimdan surishtirsam, tahsil olayotgan davr uchun maosh olmaysiz, deyishdi. Aslida ham shundaymi?
Shohida Yunusova, Toshkent shahri
— Savolingizda nazarda tutilayotgan qayta tayyorlov kurslarida o`qish uchun xodim, bevosita ish beruvchining bo`yrug`i asosida yo`naltirilgan bo`lsagina ish haqi saqlanib qolinadi.