— Qaynona ikki kelinni birdek ko`rmasdan ularni ajratishiga, biridan birini ustun qo`yishiga (uy yumushlarida ham) dinimizda qanday hukm bor?
Savolga Toshkent shahar, Shayxontohur tuman bosh imom xatibi, «Shayx Zayniddin» jome masjidi imom xatibi Odilxon qori YuNUSXON o`g`li javob beradi.
— Dinimiz doimo odamlarga adolat bilan muomala qilishga buyuradi. Hatto bir kishini qaysidir xulqini yomon ko`rsak ham yoki shaxsi bizlar uchun yoqimsiz bo`lgan taqdirda ham unga muomala qilayotganda haq-huquqlariga rioya qilib, adolat bilan muomala qilish lozim. Kimnidir yomon ko`rishimiz uning haqqini poymol etib, adolatsizlikka yo`l qo`yishimizga sabab bo`lolmaydi. Qur`oni karimning ko`p oyatlarida adolat qilishga buyuriladi. Jumladan, Moida surasining 8-oyatida: «Adolat qilingiz! Zero, bu taqvoga yaqindir», deya marhamat qilinadi. Tafsir ulamolari ushbu oyati karimani sharhlar ekanlar: ya`ni «Ey mo`minlar kim bo`lishidan qat`i nazar — xoh u do`stingiz bo`lsin, xoh dushmaningiz bo`lsin — barcha insonlarga adolat bilan muomala qilingiz! Zulm qilmangiz!» deya ma`no berganlar. Payg`ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ham doimo adolatga chaqirganlar, o`zlari ham odamlarga shunday muoamala qilganlar. Ul zot (sollallohu alayhi va sallam) hatto farzandlar o`rtasida ham adolat qilishga buyurganlar. Jumladan, bir muborak hadislarida: «Allohdan qo`rqingiz va bolalaringiz o`rtasida adolat qilingiz!» deganlar.
Yuqorida zikr qilinganlardan oydinlashadiki, hamma bir-biriga adolat bilan muomala qilishi lozim. Qaynona kelinlarining birini past, boshqasini baland ko`rishi va shunga ko`ra biriga yaxshi, ikkinchisiga yomon muomala qilishi durust emas. Balki, bu zulmning bir turiga kiradi.
Muxlis.uz saytidan olindi.