— Ajrashganman. Ikki nafar o`g`limga aliment olaman. O`zim pochta xizmatida ishlayman, oyligim 150.000 so`m atrofida. Mahallaga 14 yoshgacha bo`lgan bolalar pulini so`rab murojaat qilsam, olayotgan aliment puli va oyligimni qo`shib, «Maoshingiz kamligi bois ishsiz deya sanalasiz, buning uchun beriladigan ishsizlik nafaqasini qo`shganda esa 14 yoshgacha bolalar nafaqasi olish huquqidan mahrumsiz», deyishdi. Axir ishlayotgan bo`lsam, qanaqasiga ishsiz deb topilishim mumkin? Ishsizlik nafaqasi olmasam, qaerdan yo`q pulni qo`shishdi? Mahalla mutasaddilarining harakati to`g`rimi? Yana bir savolim bor, farzandlarimni ota-onamning qaramog`ida qoldirib (notarial tartibda vasiy etib tayinlab), xorijga ishlagani ketsam, yo`g`imda otasi ularni olib qo`ymaydimi?
Nodira Yoqubova, Xorazm viloyati
Murojaatga advokat Nafisa IBRAGIMOVA javob beradi.
Eslatib o`tamiz, mutaxassis izohi tavsiyaviy xarakterga ega.
— Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 15 fevraldagi 44-son qarori bilan tasdiqlangan «Kam ta`minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to`lash tartibi to`g`risida»gi Nizomga ko`ra, ariza beruvchining ehtiyojmandligi darajasini aniqlash va bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo`yicha nafaqa va moddiy yordam tayinlash (rad etish) to`g`risida xulosa chiqarish uchun fuqarolarning o`zini-o`zi boshqarish organida maxsus komissiya tashkil etilib, xulosa komissiyaning bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Sizning moddiy yordam berish haqidagi arizangiz maxsus komissiya xulosasi bilan rad etilgan bo`lsa, bu xulosani qonunsizligi yuzasidan hududiy prokuraturaga yoki sudga shikoyat keltirishingiz mumkin.
Ish yuzasidan vaqtinchalik oilangizdan uzoqda bo`lganingizda esa farzandlaringizning manfaatlari homiy tomonidan himoyalanishi, ularni qarovsiz qoldirilgan bolalar sifatida tarbiyalash, davolash, aholini ijtimoiy himoyalash muassasalariga olinishining oldini oladi.