— Qizim ikki nafar farzandi bilan ajrashdi. Qonuniy nikohi bo`lmagani bois kuyov bilan ixtiyoriy ravishda yordam ko`rsatilishiga kelishishdi. Bu orada bir yigit qizimga og`iz soldi. «Bolalarini familiyamga olaman, otalik qilaman», deb g`amxo`rlik qilayotganini ko`rib, rozi bo`lgandik. Nabiralarimning otasi faqat qizining nasabi o`zgarishga rozilik berdi. Hammasi qonunan amalga oshirilgan, «ZAGS»dan o`tishdi. Alohida yashashlari uchun kvartiraga ham chiqardim. Ammo ko`p o`tmay kuyovning kasali borligi ma`lum bo`ldi. Hozir qizim menikida, ajrimga berish tadorigini ko`rayapti. Garchi qaynonasinikiga kelin bo`lib tushmagan bo`lsa-da, ayni vaziyatda uy-joy borasida biror nima da`vo qiloladimi? Yana bir savol nabiram uchun alimentga bergandik, ammo «Men faqat farzandlikka olganman, o`zimni bolam emas», deb kuyovim moddiy yordamdan bosh tortayapti. «Alimentga berganimizga olti oy bo`ldi, uch oydan so`ng jazoga tortilmasmidi?» deb ijrochilarga yuzlansam, «Shaharda shunday viloyatlarda esa 12 oydan o`tsagina, jazoga jalb qilinadi», deyishdi. Qonun hamma joyda bir emasmi? Ushbu savollarimga echim topishda ko`mak bersangiz?..
Ismi sir tutildi.
Murojaatga advokat Nafisa IBRAGIMOVA javob beradi.
Eslatib o`tamiz, mutaxassis izohi tavsiyaviy xarakterga ega.
— Moddiy jihatdan ta`minlash uchun sudning hal qiluv qaroriga binoan undirilishi lozim bo`lgan mablag`ni jami uch oydan ortiq muddat mobaynida to`lamaslik, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 122-moddasida belgilangan, voyaga etmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta`minlashdan bo`yin tovlash jinoyat tarkibini keltirib chiqaradi. Qarzdor tomonidan uch oydan ortiq muddat davomida aliment to`lanmaganlik holatida sud ijrochisi tomonidan hududiy prokurorga jinoyat ishi qo`zg`atish haqida taqdimnoma kiritilishi mumkin. Lekin bu norma, undiruvchi tomonidan, undiruvni o`z vaqtida ta`minlanmaganligi, qarzdorga nisbatan tegishli choralar ko`rilmaganligi uchun hududiy prokurorga shikoyat keltirish huquqini cheklamaydi. Sud ijrochisining harakatlaridan norozi bo`lsangiz, uning harakatlarini qonunsizligi yuzasidan yuqori turuvchi ijro organiga yoki hududiy prokurorga shikoyat keltirib, qarzdorga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atishini so`rashingiz mumkin. Qizingiz doimiy yashashlik uchun oila a`zosi sifatida qaynonasining uyiga kiritilmaganligi (ya`ni, kelin bo`lib tushmaganligi), uni bu turar-joydan foydalanish huquqini istisno etadi.