— O`g`lim bu yil 24 yoshga to`ldi. Qo`shnilar «Muchal yoshiga etgan odam oqqand, oq surupdan tugun qilib, qabristonga berib kelishi kerak», deyishayapti. Nima uchun shunday qilinadi, deb so`rasam, «Irimi shunaqa», deya javob berishdi. Ayting-chi, dinimiz va urf-odatlarimizda, asli, bor udummi bu yoki o`ylab chiqarilganmi? Nima sababdan shunday qilinadi?
Matluba, Toshkent shahri
Odilxon qori YuNUSXON o`g`li, Toshkent shahar, Shayhontohur tuman bosh imom xatibi, «Shayx Zayniddin» jome masjidi imom-xatibi: — Muchal qadimda sharq xalqlari yil hisobini bilish uchun murojaat qiladigan o`ziga xos taqvim bo`lib, uning dinimizga taalluqli joyi yo`q. Qadimgi xalqlar 12 yilda aylanib keladigan shunday taqvim tuzishgan va har bir yilga ma`lum hayvonning nomini berishgan. Chunki bu vaqtda mazkur xalqlarda hozirgidek osonlashtirilgan arab raqamlari bo`lmagan. Va milodiy va hijriy yilnomalar ham hali joriy qilinmagan vaqt bo`lgan. Shuningdek, odamlar orasida muchalga bog`liq turli-tuman xurofiy e`tiqodlar ham paydo bo`la boshlagan. Bid`at odatlar yuzaga kelgan. Ulardan birini savolingizda zikr qilibsiz. Muchal yilida oqsurpdan tugun qilib, qabristonga tashlab kelish kerak, degan narsa dinimiz ta`limotida yo`q! Bu chalamullalar va avom xalq tomonidan o`ylab topilgan bid`atdir. Vallohu a`lam.
Madina ALIEVA, o`qituvchi: — Muchal yoshi har o`n ikki yilda bir marta kelgani uchun, odamlar shu o`n ikki yilni sog`-salomat yashab o`tganlari, yangi muchal yoshiga eson-omon etish umidida ehson qilishgan. Biroq ehson qilishni istagan kishi ma`lum yil, oy yoki kun kelishini kutib o`tirmasdan, chin ko`ngildan chiqarib, istalgan paytda ehson qilishi mumkin. Faqat bu ishlar «Qabristonga narsa tashlab kelsam, uzoq yashayman, sog` bo`laman» degani niyat bilan emas, «Allohning roziligi uchun muhtoj kishiga ehson qilayapman» degan niyat qilinsa, to`g`ri bo`ladi, nazarimda.
Saodat tayyorladi.