Yoshim 40da, hech qaerda ishlamayman. Uyda 85 yoshli qaynotam va birinchi guruh nogironi bo`lgan qaynog`amga qarayman. Nogironlarga qaraganlik uchun pensiya tayinlanishi haqida eshitib qoldim. Menga ham pensiya berilishi mumkinmi?
Shahnozaxon, Qo`qon shahri
M.ZIYaDULLAEV, Byudjetdan tashqari pensiya jamg`armasi ijro etuvchi direktorining birinchi o`rinbosari:
— “Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida”gi Qonunning 37-moddasi “d” bandiga asosan, birinchi guruh nogironiga yoki 16 yoshgacha bo`lgan nogiron bolaga, shuningdek, o`zgalarning parvarishiga muhtoj bo`lgan (davolash muassasasining xulosasiga ko`ra) 80 yoshga to`lgan qariyalarga qarab turilgan vaqt ish stajiga qo`shib hisoblanadi.
Ushbu moddaning 2-qismiga asosan, yuqoridagi sanab o`tilgan davrlarda ushbu moddaning “a” va “g” bandlarida ko`rsatib o`tilgan (faoliyat turi, mulk va xo`jalik yuritish shakllaridan qat`i nazar, xodim davlat tomonidan ijtimoiy sug`urtalangan holda bajargan har qanday ish, agar u O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasiga sug`urta badallari to`lagan bo`lsa yoki yakka tartibdagi mehnat faoliyati, shu jumladan yakka (guruhli) ijara sharoitidagi yoki shaxsiy yordamchi, dehqon (fermer) xo`jaligidagi faoliyat — O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasiga sug`urta badallari to`langan taqdirda)umumiy ish staji kamida 7 yil bo`lgan taqdirda ish stajiga qo`shib hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan“Davlat pensiyalarini tayinlash va to`lash tartibi to`g`risida”gi Nizomning 65-bandiga asosan, qarab turishning haqiqiy holatlarini tekshirish dalolatnomasi fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organidan olingan ma`lumotlar va qarab turilgan shaxslardan, shuningdek, ularning qo`shnilaridan so`rab chiqish asosida Pensiya jamg`armasi bo`limi tomonidan tuziladi.
Birinchi guruh nogironiga qarab turishning haqiqiy holatini tekshirish dalolatnomalarini rasmiylashtirishning davriyligi har 12 oyga belgilanadi. Qarab turishning haqiqiy holatlarini tekshirish dalolatnomalari birinchi guruh nogironi pensiya ishiga tikib qo`yiladi va qarab turgan shaxsga pensiya tayinlashda ish stajiga kiritish uchun asos hisoblanadi.
Bundan tashqari qarab turgan shaxslarga pensiya yoki nafaqa to`lash qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan.