Sevimli

"ISMIM O`ZIMGA YoQMAYDI, UNI O`ZGARTIRMOQChIMAN..."

Savol-javob 26.07.2017, 16:23
"ISMIM O`ZIMGA YoQMAYDI, UNI O`ZGARTIRMOQChIMAN..."

«Yoshim yigirma birda. Turmushga chiqmaganman. Menga bolaligimdan ismim yoqmaydi. Uning taqdirimga salbiy ta`siri etarlicha, deb bilaman. Oila qurishdan oldin ism-famiyalimni o`zgartirish niyatim bor. Buning tartib-qoidalari bilan tanishtirsangiz», dedi asl ismini hatto, aytishni istamagan mushtariyimiz.

Mavzu yuzasidan qator savollar tayyorlab, mutaxassislarga yuzlandik.

Fuqarolarning ism, familiya, ota ismini o`zgartirish masalalari bo`yicha savollarimizga Toshkent shahar, Mirobod tumani FHDYo bo`limi rahbari Gulbahor QULMATOVA javob beradi.

Tartibi qanaqa?

— Har bir fuqaro o`z ismini, familiyasi, ota ismini o`zgartirish huquqiga ega. Familiya, ism va ota ismini o`zgartirish haqidagi arizalar ariza beruvchi 16 yoshga to`lgach, turar-joydagi FHDYo organi tomonidan (tug`ilganlik to`g`risidagi guvohnomani qaerdan olgan bo`lishidan qat`i nazar) ko`rib chiqiladi. Bunda fuqaro shaxsini tasdiqlovchi hujjat — pasport bilan mruojaat qiladi.

Fuqarolarning bu boradagi arizalari familiya, ism va ota ismi eshitilishda yoqimsiz bo`lsa, ular millatiga to`g`ri kelmasa, xohishga qarab nikohgacha bo`lgan familiyaga (nikohda turgan davrida ham, nikohdan ajratilgandan keyin ham) qaytishda, oilada bir xil familiyada bo`lish istagi tug`ilganda (agar nikoh tuzish paytida er-xotin umumiy familiyani tanlamagan bo`lsa) FHDYo bo`limi tomonidan uzrli deb topilgan boshqa asoslarga ko`ra 45 kun davomida ko`rib chiqiladi. Familiya, ism va ota ismini o`zgartirganlik uchun belgilangan tartibda davlat boji undiriladi.

Qanday hujjatlar talab qilinadi?

— Familiya, ism, ota ismini o`zgartirish to`g`risidagi arizaga quyidagilar:

a) ariza beruvchining tug`ilganlik haqidagi guvohnomasi;

b) agar ariza beruvchi nikohda turgan bo`lsa, u holda nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnoma, agar nikohdan ajratilgan bo`lsa — nikohdan ajralganlik haqidagi guvohnomasi;

v) agar ariza beruvchining voyaga etmagan bolalari bo`lsa, ularning tug`ilganlik haqidagi guvohnomalari;

g) ariza beruvchining pasportidan yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatidan ko`chirma;

d) agar ariza beruvchi voyaga etmagan yoki sud qarori bilan muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo`lsa, u holda ota-onasining, yoxud vasiy, yoki homiyning arizasi;

e) 1 dona (3 x 4 o`lchamli) fotosurat ilova qilinadi.

O`zgartirish kiritish uchun zarur bo`lgan dalolatnoma yozuvlari yo`qolgan taqdirda familiya, ism, ota ismini o`zgartirish ular tiklangandan keyingina amalga oshiriladi.

Hammasi FHDYoga bog`liqmi?

— Yuqorida sanab o`tgan hujjatlar FHDYo bo`limi mudiri tomonidan tasdiqlangach, tuman ichki ishlar bo`limiga tekshiruvga jo`natiladi. Ichki ishlar bo`limi ham amaldagi qonunlarlarga asosan fuqaroning hujjatlarini ko`rib chiqib, qarshi emasliklarini bildiruvchi xulosani bizga taqdim etadi. Shundan so`ng FHDYo tomonidan fuqaroga yangi guvohnoma va avvalgi ism-familiyasi, sharifi yozilgan hamda ularning o`zgartirilgani to`g`risida ma`lumotnoma beriladi. Keyin Kirish-chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo`limiga borib, yangi pasport olish uchun hujjatlarini taqdim etishadi.

O`n oltiga to`lish shartmi?

— Agar bolaning ismi xunuk eshitilsa, shoshib ism qo`yilgan bo`lsa yoki ota-ona farzandimga ismi og`irlik qilayapti, deb hisoblasa, unda er-xotin birga FHDYo bo`limiga kelib, ariza bilan murojaat qilishi lozim. 10 yoshga to`lgan bolaning esa roziligi kerak bo`ladi. Bu jarayonda ichki ishlar bo`limiga murojaat qilinmaydi.

Turmush qurayotganda...

— Oila kodeksining 20-moddasi er va xotinning familiya tanlash huquqi haqida. Unga ko`ra, nikoh tuzish vaqtida er va xotin o`z xohishi bilan eri yoki xotinining familiyasini umumiy familiya qilib tanlaydi yoki ularning har biri nikohgacha bo`lgan o`z familiyasini saqlab qoladi.
Er va xotindan birining o`z familiyasini o`zgartirishi boshqasining ham familiyasi o`zgarishiga olib kelmaydi. Oila qurayotganda familiya o`zgartirishning hech qanday huquqiy ahamiyati yo`q. Bu hammaning o`z xohishiga binoan amalga oshiriladi.

Nimalarni yangilash kerak?

— Fuqaro familiyasi, ismi, ota ismini o`zgartiradigan bo`lsa, tug`ilganlik haqidagi guvohnoma, oila qurgan bo`lsa, nikoh haqidagi guvohnomasi va voyaga etmagan bolalarining tug`ilganlik haqidagi guvohnomasida ota yoki ona ustunidagi qaydlarni o`zgartirishi talab etiladi.

Shuningdek, mehnat daftarchasi va Soliq to`lovchining indentifikasiya raqami (INN)ga o`zgartirish kiritish kerak. Buning uchun ushbu hujjatlarni berilgan joyga borib, nikoh guvohnomasi yoki oila qurmagan bo`lsa, tug`ilganlik haqidagi guvohnomasi, shaxsini tasdiqlovchi hujjati ko`rsatiladi. STIR eksi raqamlari saqlangan holda yangidan beriladi. Mehnat daftarchasidagi avvalgi ism, familiya yoki ota ismining ustiga esa chizilib, yangilari va «Asliga to`g`ri» deya yozilib, muhr bosiladi.

Fuqaro diplomi masalasida notarial idoraga murojaat qilib, ularning ko`rsatmasi asosida ta`lim olgan o`quv maskanidan ma`lumotnoma olib keladi. Diplom nusxasiga yuridik shaxsning ism, familiya yoki ota ismi o`zgargani haqida ilova yopishtiriladi.

Ajrimdan keyin…

— Yaqinda bir ayol taqdir taqozasi bilan turmushidan ajrashdi. FHDYo vakili sifatida undan familiyasi masalasida nima qilmoqchi ekanligini so`radim. Ayol «Bu familiya bilan men quvonchli onlarni qarshi olganman. Farzandlarim ham shu familiyada, garchi sobiq erim bilan endi yonma-yon yashamasam-da, familiyamni o`zgartirmayman», deya javob berdi. Anglaganingizdek, ayol istasa, o`zining nikohgacha bo`lgan familiyasiga qaytishi mumkin. Xohlasa, sobiq erining familiyasida qoladi. Agar ajrimdan so`ng familiyasini o`zgartirishga ahd qilsa, ajrashganlik haqidagi guvohnoma bilan yashab turgan tumanidagi Kirish-chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo`limiga murojaat qiladi va muammosiz o`z familiyasiga qaytadi.

O`gay ota nasabini berishni istasa...

— Buning uchun ayol mazkur turmush o`rtog`i bilan qonuniy nikohda bo`lishi kerak. Sud qaroriga asosan farzandlikka olish yo`li bilangina bolalarning familiyasi, ota ismini o`zgartirish mumkin. Agar farzand voyaga etgan bo`lsa, uning arizasi va roziligi ham talab etiladi. Faqat tug`ilganlik haqidagi guvohnomada otasi qayd etilgan ustunga o`zgartirish kiritilmaydi.

«Bolani chiroyli nom bilan atash farzdir!»

Rahmatulloh SAYFUDDINOV, Yunusobod tumani bosh imom xatibi, «Mirza Yusuf» jome masjidi imom xatibi, Toshkent Islom Instituti o`qituvchisi:

— Ota-onaning farzlaridan biri, bu bolasiga chiroyli ism qo`yishdir. Bunga engillik bilan qaramaslik, milliy ma`naviyatimizga, qadriyatlarimizga va dinimiz ruhiga zid bo`lgan nomlar bilan farzandni atamaslik darkor. Kelajakda farzandingiz o`z ismidan uyalmasligi, atrofdagilar tomonidan mazax qilinmasligi uchun ham bu muhim.

Biroq «Ism egasiga og`irlik qiladi» degan gap yo`q, barchasi taqdirdan. Magarki, kishi ismini o`zgartirishni niyat qilgan bo`lsa, yaxshi nom tanlab, tanishlarga ismini o`zgartirgani haqida xabar bergani ma`qul. Sharoiti bo`lsa, bir mahram bilan masjidga yoki bir ahli ilmning oldiga borib, qulog`iga azon va chap qulog`iga takbir ayttirishi kerak. Bu aslida, yosh bolalarga lozim, kattalarga shart emas.


«Ruhiyatga ta`siri bor!»

Barno ILHOMOVA, ruhshunos: — Tajribamda ismi bilan bog`liq muammo bilan murojaat qilganlar ham bo`lgan. Ularning aksariyatini ko`pincha o`smirlar tashkil qiladi. Ism insonning o`zini namoyon etishidagi birinchi vosita, doimiy yo`ldosh. Nega ayrimlar o`z ismini o`zgartirishni istab qolishadi? Bu holatning psixologik sabablar quyidagicha:

Ota-onalar bolasini qaysidir qarindoshining yoki biror yaxshi munosabatdagi odamining nomi bilan atashadi. Keyinchalik munosabatlar sovuqlashishi oqibatida bola oilada turli gaplarni eshitishi;

Ayni paytda qo`llanilmaydigan ismlar tengdoshlari tomonidan mazax qilinishi;

Biror salbiy voqeaning ismi bilan bog`liqligi;

Kimgadir juda havas qilishi;

O`z ismidan uyalishi;

Ismini qo`pol qilib qisqartirishlari;

Ota-onalar bolamga chiroyli ism berishim kerak degan vazifani esidan chiqarib, o`zining orzu-armonlarini ushaltirish uchun farzandini biror nom bilan atashi kabilar.

Inson o`z ismidan qoniqmasa, nomi salbiy tuyg`ularni qo`zg`atuvchisi bo`lib qolsa, ong ostida o`ziga nisbatan salbiy munosabat shakllanishi mumkin. Natijada undan xalos bo`lish payiga tushadi. «Ismimni o`zgartirsam, hammasi yaxshi bo`lib ketadi», deb o`ylashadi.

Bunday vaziyatlarda ota-ona farzandiga ismining ma`nosini tushuntirib berib, «O`zingni boringcha qabul qilishni o`rgangin, ismingni yaxshi ko`rgin», deb bosiqlik bilan uqtirishi lozim. Yoki oilaviy kelishib, ismni o`zgartirishlari kerak. Chunki kimgaki o`zining ismi yoqmasa, bu kishining ruhiyatiga salbiy ta`sir qiladi.

Farzand dunyoga kelar ekan, ota-ona uni chiroyli nom bilan atamog`i shart. Va albatta, farzandiga qanday ism qo`yapti, uning ma`nosini ham chaqmog`i darkor. Shu bilan birga, avvalo o`zlari atrofdagilarga o`rnak bo`lib, ularga o`z ismlari bilan chiroyli murojaat etishlari shart.

Shoira ShAGIAHMEDOVA

Шарҳлар