my5
Sevimli

Boshqa viloyatga ko`chib o`tsa, pensiya kamayadimi?

Savol-javob 31.01.2020, 12:18
Boshqa viloyatga ko`chib o`tsa, pensiya kamayadimi?

— Uran shaxtada og`ir mehnat sharoitida 10 yil ishlab, 2000 yil 50 yoshimda pensiyaga chiqdim. Hozir yoshim 70 da. Agar boshqa viloyatga ko`chib o`tsam, pensiya kamayadimi? Og`ir sharoitda ishlaganim uchun belgilangan pensiya miqdorini kamaytirishga huquqlari bormi?   

Gulmirza Kuchkarov, Navoiy viloyati Zarafshon shahri 

Farrux SULAYMONOV, 
Byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasining ijro etuvchi apparati bo`lim boshlig`i o`rinbosari:

“Hisob-kitoblar qaytadan amalga oshiriladi”

— Davlat pensiyalari “Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida”gi Qonuniga rioya qilgan holda tayinlanadi va to`lanadi. 

Bugungi kunda pensiyani hisob-kitob qilish uchun pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 10 baravaridan ortiq bo`lmagan miqdordagi o`rtacha oylik ish haqi olinadi.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 sentyabrdagi 743-son qarori bilan tasdiqlangan Tabiiy-iqlim va maishiy sharoitlari og`ir va noqulay bo`lgan joylarda ishlovchi xodimlar mehnatiga haq to`lashga tuman koeffisientlarini, shuningdek, ularga har yili beriladigan qo`shimcha ta`tilning eng kam muddatini belgilash va qo`llash tartibi to`g`risidagi Nizomga asosan, tabiiy-iqlim va maishiy sharoitlari og`ir va noqulay bo`lgan joylarda ishlaganlik uchun mehnatga haq to`lashga tuman koeffisientlari pensiya tayinlashda o`rtacha ish haqini hisoblab chiqarishda xodimning ish haqi tarkibida hisobga olinadi.

Pensioner (nafaqa oluvchi) yashash manzili o`zgargani sababli yangi yashash bo`yicha Pensiya jamg`armasi bo`limi pensiya yig`majildini olgandan so`ng, nazorat tariqasida pensioner (nafaqa oluvchi)ning hisob-kitoblarni (pensiya miqdori, o`rtacha ish haqi, mehnat staji hisob-kitobi va boshqalar) qaytadan amalga oshiradi.

 

Sadoqat ALLABERGANOVA

Шарҳлар