my5
Sevimli

Nega hamon yonma yon bo`lgan ikki hududning birida gaz bor, ikkinchisida yo`q?

Savol-javob 03.02.2020, 19:03
Nega hamon yonma yon bo`lgan ikki hududning birida gaz bor, ikkinchisida yo`q?

— Biz yashayotgan Xiva tuman Soyot qishlog`ining “Oq-ko`l” mahallasi, Shiximboy, boshqa ko`plab mahallalarda 2006 yildan boshlab, tabiiy gaz bosimi pasayib, keyinchalik umuman yo`q bo`lib ketdi. Keyin esa hududimiz tabiiy gazdan uzib qo`yildi. 12 yil davomida murojaat qilmagan tashkilotimiz qolmadi. Mahalliy hokimiyatlar, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi organlariga yozgan murojaatlarimizga “gaz bosimini oshiramiz”, “quvirlarni ta`mirlash kerak”, degan mazmundagi javob xatlari kelardi. O`nlab poytaxtga yozilgan murojaatlar respublika miqyosida hal etilmay, mahalliy hokimiyat va “Shimolgazta`minot” UK Xorazm viloyati boshqarmasiga jo`natilgan. Ular murojaatga tushunmay, javob xati yozishadi chamamda. “Oq-ko`l” mahallamiz “Polvon” AGRSgacha 15 kilometr masofani tashkil etadi, xolos. Bizdan ikki kilometr narida tabiiy gaz bor-u,bizda nega yo`q?

Bardi Jumaniyozov, Xiva tumani Soyot qishlog`i

 

“TABIIY GAZ TARMOG`IGA ULAShNING IMKONI YO`Q”

M. NAJMITDINOV,“O`ztransgaz” boshqaruv raisiningbirinchi o`rinbosari:

— Murojaat “Hududgaz Xorazm” MChJ mutaxassislari tomonidan joyiga chiqib o`rganildi. O`rganish natijalariga ko`ra, Xorazm viloyati Xiva tumani Soyot qishlog`ida jami 2144 ta xonadon mavjud. Shundan “Oq-ko`l”mahallasidagi 910 ta xonadon Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 5 iyuldagi “Xorazm viloyati iste`molchilarini yoqilg`i-energetika resurslari bilan ta`minlashga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi 193-sonli qarorga asosan tabiiy gaz etkazib berish qiyin bo`lgan hududda joylashgan. Ana shu sabab, muqobil yoqilg`i, ko`mir va suyultirilgan gazdan foydalanishga moslashtiriladigan iste`molchilar ro`yxatiga kiritilgan.

Ayni shu holat yuzasidan “Hududgaz Xorazm” MChJ bosh direktori v.v.b. Sh.Sabirovning qo`shimcha ma`lumotiga ko`ra, yuqoridagilarni inobatga olgan holda Soyot qishlog`i “Oq-ko`l” mahallasini tabiiy gaz tarmog`iga ulashning imkoni yo`q.

Sadoqat ALLABERGANOVA

Шарҳлар