13

Nabirasi uchun dars soati berilishini so`ragan farg`onalik fuqaroning murojaati echimini topdimi?

Savol-javob 17.02.2020, 18:49
908
Nabirasi uchun dars soati berilishini so`ragan farg`onalik fuqaroning murojaati echimini topdimi?

— O`qituvchilikdan pensiyaga chiqqanman. Bir o`g`il, to`rt qizim bor edi. Katta qizim ikki o`g`li bilan yashardi. Avtohalokat tufayli qizim vafot etgan. O`g`illarini 2003 yili vasiylikka olib tarbiyaladim. Hozirda har ikkisi oliy ma`lumotli o`qituvchi. Katta nabiram tumandagi 6-umumiy o`rta ta`lim maktabida, kichigi eng chekka hududda joylashgan 36-maktabda 0,5 stavkada ishlashyapti. Kadrlar bo`limining aytishicha, 1 yilda 50 o`qituvchi pensiyaga chiqsa, 200 va undan ortiq yangi bitiruvchi kelar ekan. Agar tumanda ishlashining imkoni bo`lganida kichik nabiram oldimda bo`lardi-da. Xalq ta`limi bo`limiga “qaysi maktabdan bo`lsa ham dars beringlar”, dedim. Ammo echimi bo`lmadi. 0,5 stavka bilan oila tebratib bo`ladimi? Nabiramga dars soati berilib qolarmikan, degan umidda murojaat qilyapman. 

Odiljon Umurzoqov, Farg`ona viloyati Bog`dod tumani

BERILGAN AMALIY YoRDAMDAN MINNATDOR

Temurjon KOMILOV, Xalq ta`limi vaziri o`rinbosari:

— Mazkur murojaat Farg`ona viloyati xalq ta`limi boshqarmasi mutasaddi xodimlari tomonidan muallif ishtirokida joyida o`rganildi. O`rganish jarayonida O.Umrzoqovning nabirasi tumandagi 6-umumiy o`rta ta`lim maktabining geografiya fani o`qituvchisi I.Usmonalievning mavjud 9 soat darsiga qo`shimcha 2 soat dars va 5 “B” sinf rahbarligi qo`shib berildi.

         Ayni shu holat yuzasidan Farg`ona viloyat Xalq ta`limi boshqarma boshlig`i M.Turdimatovning qo`shimcha ma`lumotiga ko`ra, hozirda I.Usmonalievning dars soati 11 soat va sinf rahbarligi mavjud. I.Usmonaliev tuman xalq ta`limi bo`limi va 6-umumiy o`rta ta`lim maktabi ma`muriyati tomonidan berilgan amaliy yordamdan qoniqqanligini aytib, minnatdorligini bildirgan. 

Sadoqat ALLABERGANOVA

Шарҳлар