1

"Yor-Yor"ning remeyk varianti suratga olinadi

Shou-biznes 11.05.2024, 19:55
"Yor-Yor"ning remeyk varianti suratga olinadi

Bu yil o`zbek kinosi durdonalaridan biri "Yor-yor" filmining suratga olinganiga roppa-rosa 60 yil to`ldi. Shu munosabat bilan senariy muallifi va rejissyor Ali Hamroev ushbu mavzuga yana qo`l urdi. Bu haqda Kinematografiya agentligi Axborot xizmati xabar berdi. 

Ayni paytda ushbu film sinopsisi Kinematografiya agentligi Badiiy kengashiga taqdim etildi hamda Kengash a`zolari tomonidan bir qator taklif va mulohazalar bildirildi. 

Film sinopsisiga ko`ra, voqealar rivoji 1964 yilda suratga olingan "Yor-yor" bilan deyarli bir xil. Birgina farqi yangi "Yor-yor"da bugungi hayotimiz – Yangi O`zbekiston tasvirlanadi.

Film bosh qahramonlaridan biri "Ota" obrazini xalqimizning suyukli aktyori, "O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Farhod Abdullaev gavdalantiradi. 

Hozirda boshqa qahramonlar uchun kasting jarayonlari davom etmoqda.

"Qahramonimiz Baxtiyor orkestrda ishlaydigan yosh yigit. Uning jamoasiga qo`shiqchi qiz kerak. U televizorda Zulfiyani ko`rib qoladi. Ijtimoiy tarmoqlarda uning Buxoroda ekanligini bilib, u bilan uchrashishga qaror qiladi. Baxtiyorning otasi o`g`liga o`sha qizni olib berish uchun u bilan birga yo`lga chiqishini aytadi. Voqealar shu bilan boshlanadi. 

Bugun atrofimizda nimalar bo`layotgan bo`lsa, filmda ham shular tasvirlanadi. Maqsad, bugungi kunimiz haqida 50 yildan keyin ham odamlar bilishi kerak",– deydi Ali Hamroev. 

Uning so`zlariga ko`ra, film shu yilning dekabr oylarida tayyor bo`ladi. 2025 yil Navro`z bayramida katta ekranlarga chiqishi rejalashtirilgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1