1

Bir oylik amal talvasasi

Jinoyat 21.10.2015, 14:14
Bir oylik amal talvasasi

 Biron ishga tayinlangan  yangi rahbardan nafaqat, jamoani boshqarish, balki, ish faoliyatini oqilona va odilona tartibda tashkil etish talab etiladi. Rahbar zimmasiga yuklatilgan bu kabi mas`uliyatli vazifalarni to`laqonli ado etishiga umid bildirgan Pitnak shahar tibbiyot birlashmasi jamoasi yangi boshliqni ana shunday kayfiyatda qarshi olishgandi. 
            Ko`ngil nelarni tusamaydi?
 2015 yil 5 iyun kuni Pitnak shahar tibbiyot birlashmasi boshlig`i vazifasini bajaruvchisi lavozimiga tayinlangan Sherzod Ollaberganov (ism sharifi o`zgarilgan)ning tashabbuskor va shijoatli rahbar sifatida qo`llab-quvvatlagan jamoa ahlining tabrik va tilaklaridan mamnun bo`lgan yangi kabinetiga kirib kresloga yastanib o`tirarkan, xayolida yangi fikrlar charx ura boshladi:
-Mana ishni ham boshlab oldik, endi keyingi masalaga o`tsam ham bo`laveradi.
Xayolidagi o`ylar sekin-asta rejaga, keyin esa qat`iy maqsadga aylandi. Uni hadeb bezovta qilishga tortingan hamkasblaru xodimlar  “hali yangi-da, sekin-asta ish boshlaydi”, deya yangi rahbardan yangi tashabbuslarni kuta boshlashdi. Vaqt esa o`taverdi. Bir oy katta muddat emas, ammo, ma`lum bi ishni amalga oshirish uchun etarli fursat edi.  
Sizdan ugina...
Bu dunyoda bo`lmaydigan ishning o`zi yo`q, deb hisoblovchi Sherzod Ollaberganov “yo`qni yo`ndirib, borini do`ndiraman”, deb maqtanishni kanda qilmasdi. O`zini uddaburon his qilgan rahbar “qalovini topsang bo`ldi, uyog`i oson...” kabi maslahatlarini  ish yuzasidan qabuliga kelayotganlarga ko`p bora takrorlardi. 
Uning qabuliga fuqaro O. Azizovaning  ish so`rab kirishi  Sh. Ollaberganovni biroz o`ylantirib qo`ydi. Ammo tanimagan-bilmagan odamga sir boy bergisi kelmay, “hozir bo`sh o`rin yo`q, keyinroq xabar oling” deya bahona  ko`rsatib qo`ya qoldi. O. Azizova ham bu javobdan keyin keyinroq, albatta, yana kelishini aytib, xayrlashib chiqib ketdi. Oradan ikki kun o`tdi. Yana uning huzuriga kirgan O. Azizovani ko`rgan rahbar “niyati jiddiy ekan, demak, muddaoga o`tsam bo`ladi” deb o`yladi.
-Singlim, o`zingizdan qolar gap yo`q, ishni o`ziga yarasha talablari, “salom-aligi” bor...
-Qanday talablar bo`lsa bajaraman, menga ish kerak.
 -Tushungan ayol ekansiz. Hamshiralikka to`rtta, sanitarkalikka uchta “qog`oz” bo`ladi. – boshmaldog`ini ko`rsatkich barmog`iga ishqaladi Sherzod. 
-Mayli.Tushdan keyin olib kelaman. 
Bir og`iz javob Sh. Ollaberganovni xursand qildi. Quvonchini sirtiga chiqardi. 
-Barakalla, singlim. Yana ko`rishamiz. 
Tezda kelishini aytib, chiqib ketayotgan O.Azizova bilan quyuq xayrlasharkan, rahbar o`yga toldi:
“Sal kamroq aytib yubormadimmikin? Savdolashib ham o`tirmadi.. Ma    yli, bu yog`iga pishiqroq bo`lamiz-da!...”
                    Va nihoyat...
...Kelishilgan paytda kirib kelgan O.Azizovani ko`rgan Sh.Ollaberganov o`rnidan turib kutib oldi:
-Qoyil qoldim sizga, va`dangizni bajararkansiz. Kechikmadingiz ham. Hali ishga joylashsangiz ishniyam do`ndirasiz. Men bunga ishonaman. 
-Harakat qilaman, mana so`raganingiz, - deya 300 AQSh dollarini uzatdi.
-Daftar orasiga qo`yaqoling, - deya mamnun jilmaygan Sh.Ollaberganovning sevinchi ko`pga cho`zilmadi...
Ichki ishlar xodimlarining xonaga kirib kelishlari uning qing`ir rejalariga nuqta qo`ygandi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Xorazm viloyat sudi hukmiga ko`ra Sh. Ollaberganovga ma`lum muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqi hamda 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Ana shunaqa!..

Nargiza Bo`ronova, 
jurnalist  

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1