1

40 ming dollarlik qarz uchun buyurtirilgan qotillik

Jinoyat 03.11.2015, 13:18
40 ming dollarlik qarz uchun buyurtirilgan qotillik

Qing`ir yo`l bilan boylik orttirishga intilish, ishonchga kirib uni suiiste`mol qilish odam bolasini hamisha halokat yoqasiga etaklagan. Giyohvandlik, o`g`irlik, firibgarlik va eng dahshatlisi qotillik jinoyatlari zamirida, shubhasiz, engil daromad topish maqsadi yotadi. Toshkent shahrida sodir bo`lgan jinoyat tafsilotlari yuqoridagi fikrimizning yaqqol tasdig`idir.

2014 yil  31 oktyabr  kuni kech soat 18-30 larda Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markaziga Turkiya fuqarosi Em Fuatni og`ir ahvolda olib kelishadi. “Ko`krak qafasi orqa chap sohasiga teshib-kirib plevrani yaralagan sanchib-kesuvchi jarohat, ko`krak qafasi orqa o`ng sohasiga teshib kirmagan sanchib-kesuvchi yara, o`ng ensa va qosh sohalarining ezilib-yirtilgan yaralari, bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, burun suyagining sinishi” tashhisi bilan yotqizilib, ko`rstalgan birinchi yordam va muolajalarga qaramay,  5 noyabr kuni olgan tan jarohatlari natijasida vafot etadi.

Toshkentday katta shaharda turk fuqarosining o`ldirib ketilishi bilan bog`liq jinoiy ish Respublika Bosh prokuraturasi ish yurituviga olinib, darhol  tezkor-tergov guruhi tuzildi. Katta tergovchi Asilbek Yusufbekov tergov-surishtiruv ishlariga kirishdi.

AVVALIGA JINOYaT IZLARI TOPILMADI, AMMO...

Ha, tergov guruhining oldida birinchi navbatda Turkiya fuqarosi “Orshax ev Tekstil” qo`shma korxonasi rahbari Em Fuatning joniga qasd qilishi mumkin bo`lgan shaxslar doirasini aniqlash bosh vazifa qilib qo`yildi. Tekstil korxonasida ishlovchi odamlar, xorijiy sheriklar Em Fuatning yaqin odamlari bilan aloqalari birma-bir tekshirib chiqildi. Telefon so`zlashuvlari, har kuni ishga olib kelib, uyiga olib borib qo`yadigan kirakash taksichilar bilan gaplashildi. Ammo, jinoyat izlari topilmadi.

Toshkentday katta shaharda chet el fuqarosining o`ldirib ketilishi anchayin shov-shuvga sabab bo`la boshladi. Har xil ommaviy axborot vositalarida, internet nashrlarda mish-mishlar bolalab ketdi. Ana shunday qaltis vaziyatga tezroq huquqiy bahoni berish uchun Respublika Bosh prokuraturasiga tergov-surishtiruvni yanada kuchaytirdi.

“NEKSIYa”DAGI POYLOQChILAR

Ma`lum bo`lishicha, qotillik qurboni bo`lgan Em Fuatning  Marg`ilon va Qo`qon shaharlarida ham tekstil korxonalari bo`lib, u tez-tez dovon orqali vodiyga borib-kelib turgan. Tergov guruhi surishtiruvni endi bu tomondan boshlashga qaror qildi. Farg`onlik odamlar boshqa viloyat odamlariga qaraganda anchayin tadbirkor, anchayin ishbilarmon keladi. Yo`qni yo`ndirib, borini undirib keladigan uddaburon xalq. Ammo ular ogohlik va sergaklik bobida ham anchayin hushyorroq ekan. Tergov davomida aniqlanishicha, Turkiya fuqarosi, qo`shma korxonalar rahbari Em Fuatning Farg`ona viloyatiga qilgan safari davomida qandaydir “Neksiya” avtomashinasi orqasidan kuzatib yurganini qayd qilib qo`yishadi.    

IShONMAGIN DO`STINGGA...

Xalqimizda “Ishonganim sen bo`lsang, ko`rgan kunim ne bo`lar?” — degan gap bor. Tadbirkor Em Fuat bu – o`zbek xalq maqolining mag`zini tushunganida  o`z vatandoshim deb ishongan Turkiya fuqarosi Ustun Xikmet bilan oldi-berdi qilmagan bo`larmidi? Unga qattiq ishonib, ishlab chiqarayotgan tekstil mahsulotlarini qop-qoplab, orqalatib yubormasmidi?

Ma`lum bo`lishicha, Turkiya fuqarosi Ustun Xikmet 2013 yil boshidan yurtimizga tadbirkorlik maqsadida kelib ish boshlaydi. Yangi joy, begona yurtda yo`l topib yurishning o`zi mushkul. Ana shunday pallada vatandoshi Em Fuatning oldiga keladi. 1998 yildan buyon O`zbekiston Respublikasida sherikchilik bilan  qator tekstil korxonalari ochib, ishonchli hamkorga aylangan Em Fuat, Ustun Xikmetga oyoqqa turib olishi uchun beg`araz yordamini ayamaydi. O`z vatandoshiga odamgarchilik qiladi. Ishlab chiqarayotgan mahsulotlar savdosini ishonib topshirib qo`yadi. Oradan bir yil o`tmay Ustun Xikmet ishonchni  suiiste`mol qilib, 40 ming dollarlik mollarning pulini bermay qo`yadi.

EGASINI QOPGAN IT VA BUYuRTMA UChUN 10 MILLION 

Korxona rahbari Em Fuat pulini qistayverganidan Ustun Xikmet darg`azab bo`lib, pullarni qaytarish o`rniga uni yo`q qilish yo`lini izlay boshlaydi. Bu haqda avvaldan tanishi bo`lgan qo`qonlik Sherzod O`lmasovga aytadi. Sherzod esa, 10 ming AQSh dollari evaziga Em Fuatni o`ldirishini, ishonchli odamlari borligini aytadi. Shunday qilib, “buyurtma qotillik” uchun Ustun Xikmet Sherzod O`lmasovga avvaldan 10 million  so`m bo`nak  puli beradi.

Xalqimizda “Itning boshini laganga solsang, yumalab erga tushar” degan gap bor. Bu -  asli yomon yaxshi bo`lmaydi, qancha xaspo`shlab ko`tar-ko`tar qilsang ham odam bo`lmaydi, izzat-hurmatni bilmaydi - deganidir. Sherzod O`lmasov 2006 yili bezorilik, o`g`irlik, bosqinchilik va giyohvandlik jinoyatlari sodir etgani uchun jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudining hukmi bilan 18 yilga qamalib ketgandi. 2013 yil unga amnistiya akti  qo`llanilib, ozodlikka chiqarilgan edi.

XUMOR QILGAN JINOYaT

Sherzod O`lmasov berilgan avfni o`ziga  imkoniyat deb baholab, Turkiya fuqarosi Ustun Xikmetning buyurtmasini bajarishga, ya`niodam o`ldirishga jazm qiladi va o`ziga jinoiy sheriklarni izlab topadi. Topganlari bilan  esa, jazoni ijro etish muassasalarida tanishgan  edi.

Jinoiy guruhning yana bir a`zosi Farg`ona viloyatining Oltiariq tumanida tug`ilgan Rustam Otaqulov muqaddam  to`rt marta sudlangan. Odam bo`lib biror tayinli ishning boshini tutmagan bu yigitga qamalish “qarta o`yini”day gap bo`lib qolgan. Jinoyat qilmasa turolmaydi, qamalib ketmasa yurolmaydi.

Shokir Eshonqulov hali voyaga etmay turib qotillik va nomusga tegish jinoyatlari sodir etib qamalib ketgan edi. Hukumatimiz bu yigitni  ham bilib-bilmay, qilmishini anglab-anglamay jinoyat sodir qilgan deb,  tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosini shartli ravishda axloq tuzatish jazosiga almashtirib, mehr-muruvvat qilgan edi. Afsuski Shokir Eshonqulov odamiylik ko`chasidan o`tmagan, tuzalish yo`liga kirmagan ko`rnamak bo`lib chiqdi. U jazo muddati tugamay, undanda mudhish - qotillik jinoyatiga qo`l urib o`tiribdi.

BIRI QURBON, IKKINChISI MAHKUM

Qotillik qurboni bo`lgan Em Fuatdan 40 ming dollar qarz bo`lib qolgan Ustun Xikmet pullarni qaytarish o`rniga qabih ishga qo`l uradi. O`z vatandoshini o`ldirish uchun 10 ming dollar va`da qilib, Fuatbey ishlaydigan korxonani kelib, ko`rsatib ketadi.

Yaqinda jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudida “buyurtma qotillik” ijrochilariga nisbatan hukm o`qildi. Turkiya fuqarosi Ustun Xikmet O`zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 28 orqali 97 moddasi 2 qismining “i”, “p” bandlari bilan aybli deb topilib unga 21 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinib, jazoning 3 yilini turma qamog`ida o`tash belgilandi.

Sudlanuvchilar - O`lmasov Sherzod, Otaqulov Rustam va Eshonqulov Shokirlar ham O`zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 28- 97 moddasi 2 – qismining “i”, “p” bandlari bilan aybli deb topilib ularning har biriga 21 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, shundan jazoning 4 yili turma qamog`ida o`tattirish belgilandi.

Sherzod O`lmasov va Rustam Otaqulovlar O`zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 34-moddasiga asosan o`ta xavfli residivist deb topildi.

 Xalqimizda “Qarz berganning bir beti qora, bermaganning ikki beti qora” degan purma`no naql bor. Alqissa, ikki turk fuqarosi  bizning mamlakatimizda “oldi-berdi”lar faqat qonuniy asoslarga tayanib ish ko`rgandagina haqiqiy hisoblanishini yaxshi  bilganida edi, biri qotillik qurboni bo`lib, ikkinchisi uzoq muddatga qamalib ketmagan bo`lardi.

Afsus, ming afsus...

Jo`ra BOBORAHMATOV,

“O`zbekiston” teleradiokanali bo`lim boshlig`i

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1