1

“Bolamni sotaman...”

Jinoyat 23.11.2015, 16:41
“Bolamni sotaman...”

Jizzaxlik Halima (ism-familiyalar o`zgargan) birinchi turmushidan ajrashgach, Toshkentga keldi. Ijaraga uy topib, yashay boshladi. Bitta tovuqqa ham don ham suv kerak deganday, pul topish ilinjida qilmagan ishi qolmadi. Toshkentday shahri azimda kun kechirishning o`zi bo`lmaydi.

Shunday kunlarning birida u Nizom bilan tanishib qoldi. Ularning shunchaki tanishlik munosabatlari chuqurlashib, pinhona uchrasha boshlashdi. Halima uchun Nizom najot farishtasi bo`lib tuyuldi. Chunki u oilasidan orttirib, Halimaga ozmi-ko`pmi yordam berdi. Halima homiladorligini Nizomga bildirganda, u g`azabdan tutoqib ketdi. “Menga bola kerakmas, o`zimning bolalarimga zo`rg`a non topayapman-u, seni bolangni qanday boqaman?” degandan keyin, bolani abort qildirmoqchi bo`ldi, ammo homila muddati katta bo`lganidan uni oldirishga qo`rqdi.

Bolaning narxi qancha?

Halima tushkunlikka tushib, nima qilishni bilmay boshi qotdi. Bolani tug`sa, uyda o`tirib qoladi, uni kim boqadi? Ijara haqiga, ro`zg`orga pulni qaerdan oladi? Shunday muammolar bilan boshi qotgan Halimaning joniga qo`shnisi Malika oro kirdi.

–Sirdaryoda tanish akusher ayol bor. Sizni uning oldiga olib boraman. U sizga, albatta, yordam beradi.

Halima qo`shnisi Malika bilan “qaydasan, Sirdaryo?” deb yo`lga tushishdi. Malika uni Mastura Abdukarimovna ismli akusher ayolning oldiga boshlab bordi. Mastura tuman poliklinikasida akusher-ginekolog bo`lib ishlar, tug`ruqxonada ham navbatchilikda turardi. Malika Mastura Abdukarimovnaga vaziyatni tushuntirdi. Mastura Abdukarimovna Halimani tekshiruvdan o`tkazdi. Ayolga yordam berishini, ammo xizmat haqi 300 dollar bo`lishini aytdi. Halimaning 300 dollar to`lash kerakligini eshitib, kapalagi uchdi. Endi buncha pulni qaerdan oladi?

–Menda siz aytgan pul yo`q, m, sharoitim og`ir. Bir yaxshilik qiling...

– Bo`lmasa... Buni faqatgina bitta yo`li bor, chaqaloqni sotamiz, menga 300 dollar bersangiz bas, qolgani sizga.!..

Oradan ko`p o`tmay, Mastura Abdukarimovnaning huzuriga Gulsara ismli ayol kelib, singlisining farzandi yo`qligini, agar iloji bo`lsa, birorta onasi voz kechgan chaqaloq bo`lsa sotib olishni, uni rozi qilishini bildirdi. Uning gaplarini eshitgan Mastura Abdukarimovnaga jon kirdi.

– Shunday ayol bor. Tuqqandan keyin bolasini 1000 AQSh dollariga sotmoqchi. Istasangiz, u bilan tanishtirib qo`yaman, – dedi.

Joriy yilning qaynoq yoz kunlaridan birida Mastura Abdukarimovna bilan qo`ng`iroqlashgan Halima qo`shnisi Malika bilan tekshiruvdan o`tish uchun Sirdaryoga otlanishdi. Ular Mastura Abdukarimovnaning uyiga kelishdi. Bu erda ularni chaqaloq sotib olmoqchi bo`lgan Gulsara va uning singlisi Zebolar kutib turishardi.

Opa-singil chaqaloqni  qonuniy  rasmiylashtirib berishsagina, 1000 AQSh dollari berishga rozi bo`lishdi, ammo Halimaning avvalgi eri bilan FHDYo orqali qonuniy ajrashmaganligini bilishgach, chaqaloqni sotib olishdan bosh tortishdi.

Tuzoq

Tayyor o`ljani qo`ldan chiqarmaslik, chaqaloqni mo`maygina pulga sotish uchun endi Mastura Abdukarimovna boshqa mijoz qidira boshladi. Uning mijoz qidirayotgani tegishli idoralarning qulog`iga etib bordi. Tezkor tadbir o`tkazib, uni qo`lga olish, befarzand ota-ona rolini o`ynash uchun ikkita xodim ajratildi. Ular Halimaning telefon raqamini topib, unga qo`ng`iroq qilishdi, o`zlarini “Avaz” va “Mavjuda” deb tanishtirishdi. Chaqaloq bu gal  1100 AQSh dollariga baholandi.

2015 yil 28 iyun kuni tug`ruqxonada  Mastura Abdukarimovna navbatchilik qilgan kechasi Halima o`g`il farzand ko`rdi. Bola sog`lom edi. Oradan uch kun o`tgach, Halima boladan voz kechganligi haqida ariza yozdi. Chaqaloqni olib ketish uchun “Avaz” va “Mavjuda”lar tug`ruqxonaga kelishdi. Bolani tug`ruqxonadan olib chiqish uchun tug`ilganlik to`g`risida guvohnoma yo`qligini bahona qilgan neonatolog vrach Go`zal Karimovna, bolani olib chiqish uchun  ulardan pul talab qildi. “Befarzand ota-ona” maxsus ishlov berilgan 62.000 so`m pulni unga berishdi.

Tug`ruqxona hovlisida kelishilgan pulni olayotgan Halima va o`ziga tegishli 300 dollarni qo`lga kiritgan Mastura Abdukarimovnalar tezkor xodimlar tomonidan qo`lga olindi. Ular ayblarini tan olmay, o`zlarini har tomonga tashlab ko`rishdi, ammo maxsus ishlov berilgan pullar va ovoz yozish apparati ularning sirlarini fosh etdi.

                                                                                            Lola Shoimova  

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1