1

Toshkentda yirik jinoiy guruh fosh etildi (davomi)

Jinoyat 03.12.2015, 09:38
Toshkentda yirik jinoiy guruh fosh etildi (davomi)

(Boshi ushbu manbada)

Buzoqning qochgani somonxonagacha

Albatta, sayoq yurgan ertami-kechmi, tayoq eydi. Shahar bedarvoza emas. Hech bir jinoyat, qonunbuzarlik huquq-tartibot idoralari nazaridan chetda qolmaydi. Bahodir Siddiqov ham o`g`irlik va talonchilik evaziga topilgan pullar hisobidan bir umr yallo qilib yuraman, deb qattiq adashgandi. Kunlarning birida u huquq posbonlari tomonidan qo`lga olindi. Tergov-surishtiruv ishlari boshlandi.

Bahodir Siddiqovni Toshkent viloyati  Zangiota tumani ichki ishlar bo`limi Eshonguzar qo`rg`on milisiya bo`limiga qarashli xibsxonaga vaqtincha saqlab turish uchun yuborishdi. Bahodir shu erda ham qilgan noma`qul ishlari uchun javob berish kerakligi haqida emas, qanday bo`lmasin, bu erdan juftakni rostlab, o`zining qing`ir ishlarini davom ettirish haqida o`ylardi.

 2014 yil 7 may kuni Bahodir Siddiqovni bir guruh gumonlanuvchi va ayblanuvchilar bilan birga jinoyat ishlari bo`yicha Zangiota tuman sudiga olib kelishdi. Bu erda sud tergovi tugagach, uldarning barchasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi tergov xibsxonasiga jo`natilish lozim edi.

Bahodir qochish uchun payt poylardi. Kechga yaqin  sud binosi ancha siyraklashib qoladi. U paytdan foydalanib, konvoy xodimlarining ko`zini shamg`alat qilib, sud binoidan qochib chiqdi va o`zini duch kelgan tomonga urdi. Albatta, bu o`rinda jinoyatchilarga ko`z-quloq bo`lish vazifasi ishonib topshirilgan konvoy xodimlarining befarqlikka yo`l qo`yganini oqlab bo`lmaydi. Shu bois, ashaddiy jinoyatchi B.Siddiqovning sud binosidan qochib chiqishiga sharoit yaratgan ichki ishlar xodimlariga nisbatan ham jinoyat kodeksining tegishli moddalariga binoan chora ko`rildi.

Avvalo Bahodir qonuniy javobgarlikdan qochib qutulib bo`lmasligini o`ylab ko`rmagandi. Qolaversa.u voqea joyidan qochib ketganidan keyin ham qing`ir ishlarida davom etdi.

O`g`irlangan “Kaptiva”

Bahodir yana o`ziga hamtovoq izlashga tushdi. Ko`r ko`r bilan qorong`ida topishadi, deganlaridek, bu gal ham mo`may pul ilinjida har qanday razillikdan qaytmaydigan sheriklarni topishda qiynalmadi. Unga bu gal hali yignirma yosh nari-beriidagi o`spirinlar Mirsardor Mirhayitov va Temur O`rinboevlar ro`baro` keldi.

Bu gal u sheriklar bilan mayda-chuyda narsalarni emas, bira-to`la kattaroq o`ljani qo`lga kiritishni maqsad qilishgandi. Sheriklar gapni bir joyga qo`yib, Olmazor tumanidagi bir xonadonni o`marishga kelishib olishdi. Bu xonadon egasining “Kaptiva” rusumli mashinasi borligi ularga oldindan ayon edi. Garajni ochib kirishni uddalagan “shovvozlar” mashinani osongina haydab chiqishdi va tun bag`riga singib ketishdi.

Yo`l-yo`lakay mashinani tintib ko`rishgan sheriklar u erdan 100 ming so`m pul, plastik kartochka, pasport, haydovchilik guvohnomasi boshqa hujjatlarni qo`lga kiritishdi.

— Bu hujjatlarni nima qilamiz? — so`radi sheriklardan biri.

— Nima qilarding? Oynadan tashqariga uloqtirvor, birovning qo`liga tushmasin!

Shu tariqa ular mashina egasinig muhim hujjatlarini nobud qilishdi va uy egasiga jami 93 million so`mlikdan ortiq zarar keltirishdi.

Oradan biroz vaqt   o`tib jinoiy guruh Toshkent viloyatining O`rta chirchiq tumani hududida jinoyat sodir qilib, qaytib kelayotganda yo`l harakati xavfsizligi xodimlarining to`xtash ishorasiga rioya qilmasdan qochib qolishadi va shu kechaning o`zidayoq, izni yo`qotish uchun Toshkent shahar Olmazor tumanidan egallab olingan “Kaptiva”ni yoqib yuborishadi.

Mahalla ham befarq qaragan...

Ha, qaerdaki jinoyatga jazo muqarrarligi ta`minlanmas ekan usha joyda jinoyat turlari o`sib ketaveradi. Bahodir Siddiqov boshliq jinoiy guruh kundan-kunga quturib borardi.  Avval boshida ular har qanday xonadonga yashirinib, pisib-panalab kirgan bo`lsa, endi esa ochiqchasiga bosqinchlik, talonchiliq qilib, urib, kaltaklab mol-mulkini olib keta boshlaydi. Aslida  ular Chirchiq shahrida jinoiy guruh a`zosi Marat Ergashevning xolasining uyida norasmiy ravishda yashab kelayotgan bo`lsada, shu atrofdagi uylarni ham tunashni unutishmadi.

Bahodir Siddiqov boshliq jinoiy guruh a`zolari ba`zan haftalab qorasini ko`rsatmay, Chirchiq shahridagi  10 kichik tuman, 49-uy, 60-xonadonda hamda Sharq ko`chasidagi 70-uyda vaqtinchalik yashab kelib, jinoiy rejalar tuzishgan. Qo`lga kiritilgan pul va moddiy boyliklarni saqlab kelishgan. Egasiz uyga kim kirib chiqayapti, kim kelayapti, hech kimning hatto “Ishonch” mahallasi xodimlarining ham ishi bo`lmagan.

Chirchiq shahar milisiyasi, profilaktika inpektorlari tegishli tartibda fuqarolarni pasport va viza qoidalariga rioya qilish, huquqbuzarlarni aniqlash va oldini olish yuzasidan biror bir tezkor tadbirlarni o`tkazmagan, o`z xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan qarab kelgan.

Bahodir Siddiqov boshliq jinoiy guruh orani sovutib, huquqni muhofaza qiluvchi xodimlarni chalg`itish uchun Toshkent viloyatining boshqa tumanlarida paydo bo`lardi. Jinoiy guruh a`zosi, nonko`r Temur O`rinboev, sheriklarini bir paytlar o`zi ishlagan jamiyat omboriga boshlab kelib tomni teshib, 10 million 637 ming so`mlik mol-mulklarni umarib ketishadi. Yo`l-yo`lakay yana bir do`kondan qurilish anjomlari, G`azalkentdagi mudofaaga ko`maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotidan kompyutor jamlanmasi va pullarni  olib chiqib ketishadi.

Badniyat mehmon

2014 yilning iyul oyi o`rtalarida Bo`stonliq tumanidagi Tovoqsoy qo`rg`onida yashovchi Nargiz Umarovaning uyiga uning qarindoshi, mazkur  jinoiy guruh a`zosi Diana Ahmedova mehmonga keldi.

Uyni sinchiklab ko`zdan kechirgan Diananing ko`ngli buzildi. Bu uy va undagi ashyolar haqidagi ma`lumotlarni guruha`zolari etkazgan, bosqinchilar bu xonadonni qanday o`marish rejasini tuza boshladilar.

9 avgust kuni qo`shni qishloqda yashovchi qarindoshlarning to`yiga borgan Nargiz Umarovaning uyi jinoiy guruh tomonidan ship-shiydam qilib, ketilishi kerak edi. To`yga tabiiyki Diana ham kelgandi, U   Nargizni gapga solib uzoqroq to`yda  o`shlab turishga harakat qila boshladi.

Diana Ahmedovaning ishorasidan so`ng, Bahodir Siddiqov boshliq jinoiy guruh Nargiz Umarovaning uyiga yo`l oldi. 

Yarim tunda temir eshikni buzish anchayin shovqin-suron keltirishi mumkinligini hisoblab ular tomdan ip bilan tushishni rejalashtirayotganda, shu uyda yashovchi Ichki ishlar vazirligiga qarashli qorovul qo`shinlari harbiy qismi xodimlari kelib qolishdi va  notanish odamlarning shaxsini aniqlashga harakat qilishdi.

Inson hayotiga suiqasd

Uch oydan beri qidiruvda bo`lgan jinoiy guruh rahbari Bahodir Siddiqov qo`lgsha tushsa, hammasi tamom bo`lishini yaxshi bilardi. Shu bois u yana jinoyat ustiga jinoyatga qo`l urdi. Kutilmaganda, qonun posbonlariga qarshilik ko`rsatib, yonida bo`lgan pichoq bilan ularga  hamla qildi. Ikki nafar ichki ishlarga xodimiga  og`ir tan jarohati etkazgan Bahodir bu gal ham voqea joyidan qochib yashirinishga ulgurdi.

Shundan so`ng, barcha kuch va vositalar, inson hayotiga sue`qasd qilgan kimsani  qidirib topishga qaratildi.

Ishning o`ta murakkabligi hisobga olinib Jinoyat ishi Respublika Bosh prokuraturasiga o`tkazildi. Qisqa muddatda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida sodir bo`lgan jinoyatlar tarxi tuzib chiqildi. Shoshilinch chora-tadbirlar belgilanib, tezkor tergov guruhiga malakali xodimlar jalb qilindi.

Barcha blok postlar qattiq nazorat ostiga olindi. Qidiruvda bo`lgan ashaddiy jinoyatchilarning  suratlari tarqatildi.

Har kimki yomon bo`lsa...

Ha, har bir ishning ibtidosi bo`lganidek, intihosi ham bo`ladi. Toshkent shahri va Toshkent viloyatida o`nlab o`g`irlik, talonchilik va bosqinchilik jinoyatlarini sodir etgan jinoiy guruhning tunggi yurishlari shu tariqa yakun topdi. Ammo odamlar orasidagi loqaydlik, befarqlik tufayli Bahodir Siddiqov boshliq jinoiy guruhning yurishlari ildiz otib ketgan. Ba`zi insonlar yarim tunda chaqirilmagan mehmonlarning jinoiy qilmishi haqida huquqni muhofaza qiluvchi  idoralarga xabar bermaganini qanday tushunish mumkin? Nima deb baholash mumkin?

Sud Siddiqov Bahodirga 18 yil, shundan 3 yilini turmada o`tattirishni belgiladi. Siddiqov Ulug`bekga 13 yil, shundan 3 yilini turmada o`tash belgiladi. (aka-uka xavfli residivist deb topildi. Guruhning qolgan a`zolari ham qilmishlariga yarasha jazo olishdi.

Ha, bu dunyoda har bir ishning o`z so`rovi bor.Jinoiy guruh a`zolari qilmishlariga yarasha jazo oldilar. Tong otishi-yu, kun botishi muqarrar bo`lganidek, qilgan topadi. Nima eksang, shuni o`rasan.  

Ogoh bo`ling, odamlar! Ogoh bo`ling!

Jo`ra BOBORAHMAT

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1