AsosiyJamiyat

15 avgustdan qaysi mahalliy avia va temir yo`l qatnovlari yo`lga qo`yilishi ma`lum qilindi

'15 avgustdan qaysi mahalliy avia va temir yo`l qatnovlari yo`lga qo`yilishi ma`lum qilindi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasiga koronavirus infeksiyasi kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo`yicha respublika maxsus komissiyasi qaroriga muvofiq 2020 yil 15 avgustdan boshlab mahalliy aviaqatnovlar va temir yo`l qatnovlari boshlanadi. Bu haqda Transport vazirligi xabar bermoqda. 

Mahalliy aviaqatnovlar va temir yo`l qatnovini tashkil etishda doimiy ravishda har bir aviaqatnov va temir yo`l qatnovidan oldin tegishli havo kemasi va temir yo`l vagonlari (shu jumladan, har bir o`rindiqni) to`liq dezinfeksiyadan o`tkazish hamda havosini zararsizlantirish tizimini joriy etish choralari ko`riladi.  

Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 15 avgustdan karantin cheklovlarini bosqichma-bosqich yumshatish bo`yicha qabul qilgan qaroriga asosan “O`zbekiston temir yo`llari” AJ tomonidan joriy yil 15 avgustdan boshlab mahalliy yo`nalishlarda bosqichma-bosqich poezdlar harakati qayta tiklanadi.  

Jumladan:

Yuqori tezlikda harakatlanuvchi Afrosiyob poezdlari Toshkent – Samarqand – Buxoro – Toshkent yo`nalishida 2 ta,  

Toshkent – Samarqand – Qarshi – Toshkent yo`nalishida 1 ta shuningdek, Toshkent – Andijon – Toshkent yo`nalishida 2 ta yo`lovchi  poezdi qatnovi yo`lga qo`yiladi.

Yo`lovchilar chiptalarni temiryo`l kassalaridan, shuningdek, onlayn tarzda ham xarid qilishlari mumkin.  

Mahalliy yo`nalishlarda avia qatnovlarni tiklash jarayoni ham bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Xususan, “Uzbekistan airways” aviakompaniyasi tomonidan 15 avgust sanasidan e`tiboran Toshkent – Nukus – Toshkent, Toshkent – Urganch – Toshkent yo`nalishida haftasiga uch marotabadan, Toshkent – Termiz – Toshkent yo`nalishida esa haftasiga ikki marotabadan parvozlarni amalga oshirish boshlanadi.    

Yo`lovchilardan poezdlar va samolyotlar bortiga chiqishda, vokzal va aeroportlar hududida hamda yo`l davomida sanitariya gigiena qoidalariga doimiy ravishda qat`iy rioya qilishlari talab qilinadi.

Eslatib o`tamiz, fuqarolarning jamoat joylarida ijtimoiy masofani (2 metr) saqlashi, tibbiy niqobda bo`lishi kabi karantin cheklovlari 2020 yil 15 avgustdan keyin ham saqlanib qolinadi. Tana harorati 37 S va undan yuqori bo`lgan yoxud infeksiya alomatlari mavjud bo`lgan fuqarolarning jamoat joylariga chiqishiga yo`l qo`yilmaydi.

    Boshqa yangiliklar