AsosiyJAMIYAT

Bugungacha saqlanib qolgan Amir Temur bog`i: U hamon meva beradi (fotosayohat)

Samarqand shahri “Bog`i baland” mahallasi namunaviy tipdagi turizm mahallasiga aylantirilg...

'Bugungacha saqlanib qolgan Amir Temur bog`i: U hamon meva beradi (fotosayohat)'ning rasmi

Samarqand shahri “Bog`i baland” mahallasi namunaviy tipdagi turizm mahallasiga aylantirilgan bo`lib, bu erda Amir Temurdan qolgan bog` joylashgan. Ushbu 40 gektarlik bahavo anjirzor har doim mahalliy va xorijiy sayyohlarni qabul qilishga allaqachon tayyor. Samarqand shahar hokimligi va Axborot xizmati homiyligida tashkil etilgan press-turda “Darakchi” gazetasi muxbiri ham mazkur mahallada bo`ldi.

Olimjon Abdusalomov, “Bog`i baland” MFY raisi:

— Amir Temur bobomizning Samarqandda 12 ta bog`lari bo`lgan. Shundan “Bog`i baland” mahallasida joylashgan Anjirzor bog`i haligacha saqlanib kelinmoqda. Anjirzor bog`iga tashrif buyurgan sayyohlar anjir eyish bilan birga ularni terish jarayonida ham qatnashishlari mumkin. Anjir bir yilda ikki martta hosil berishini hisobga olgan holda yilning iyul va sentyabr oylarida Anjir sayli o`tkazish ham belgilab olingan.

Saylda anjir va undan tayyorlangan mahsulotlar ko`rgazmasi ham tashkil etiladi. Mahalla aholisi anjir mevasini quritish, undan turli murabbolar tayyorlash bilan ham shug`ullanadi. Turizm mahallasi ochilgach shunday xonadonlarga sayyohlarning tashrifi uyushtiriladi. U erda anjirdan tayyorlanadigan mahsulotlarning tayyorlanish jarayonlarini kuzatish va ularni sotib olish imkoni yaratiladi.

Aytgancha, 0,5 litr anjir murabbosining narxi xorijiy sayyohlar uchun 10 AQSh dollari, mahalliy aholi uchun esa 15 ming so`m. Samarqand viloyati Turizmni rivojlantirish departamenti tomonidan Amir Temir bog`larining maydoni, xususiyatlari va yaratilish tarixi bilan bog`liq interfaol xaritalar loyixasi tayyorlanib bog`ning kirish qismida joylashtirilgan. Kelajakda sayyohlar uchun anjirzor bo`ylab ot va velosipedda sayr qilish mumkin bo`ladi. Mahallada turli mehmon uylari, xizmat ko`rsatish maskanlarining yaratilishi evaziga yangi ish o`rinlari tashkil etiladi. 

Daraxtlarning yotiq o`sganiga sabab qishga yaqin daraxtlar uyquga ketgach, bog`bonlar barcha anjirlarni sovuq urmasligi uchun ko`mib qo`yishadi. Anjirlarning asrlar davomida saqlanib qolganiga ham aynan shu usul eng asosiy sabablardan sanaladi. 

Samarqandga kelsangiz, albatta ushbu anjirzorga ham tashrif buyuring.

 

Sardorbek RAHMONQULOV 

 

Boshqa yangiliklar