O`zbekiston elchixonasining xabar berishicha, elchi Javlon Vahobov ikki tomonlama savdo-sotiqdagi cheklovlarni bekor qilish va mamlakatimizga nisbatan Jekson-Venik tuzatishi qo`llanilishini butunlay olib tashlash bo`yicha sa`y-harakatlar doirasida AQSh Kongressi vakillari bilan qator uchrashuv va muzokaralar o`tkazdi, deya xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
AQSh Vakillar palatasidagi "O`zbekiston bo`yicha kokus"ning hamraisi, Missisipi shtatidan saylangan kongressmen Trent Kelli muloqot chog`ida uning idorasiga O`zbekistonning AQShdagi elchixonasidan tegishli murojaat kelib tushganini tasdiqladi. Kongressmen so`zlariga ko`ra, parlamentning ushbu masala bilan shug`ullanadigan qo`mitasi O`zbekiston tomonidan taqdim qilingan respublikaga nisbatan Jekson-Venik tuzatishining qo`llanishini bekor qilishga asos bo`ladigan dalillarni diqqat bilan o`rganib chiqdi.
T.Kellining so`zlariga ko`ra, ushbu qo`mitadan olingan tavsiyalar asosida kongressmen ushbu hujjatning O`zbekistonga nisbatan qo`llanilishini to`xtatish to`g`risidagi taklifni o`z ichiga olgan rezolyusiya loyihasini tayyorlagan va ushbu hujjat AQSh Vakillar palatasi Tashqi ishlar qo`mitasining navbatdagi yig`ilishida ko`rib chiqish uchun taqdim etiladi.
"O`zbekiston bo`yicha kokus"ning yana bir a`zosi, Nebraska shtatidan saylangan respublikachi kongressmen Don Bekon ham Vakillar palatasining O`zbekistonga nisbatan ushbu tuzatish qo`llanilishini bekor qilish to`g`risidagi qarorini qo`llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Kanzas shtatidan saylangan Kongress a`zosi Ron Estes Jekson-Venik tuzatishini o`tgan asr aks-sadosi, deb hisoblaydi. Uning fikriga ko`ra, bu sobiq ittifoq hududida tashkil topgan mustaqil davlatlarga, shu jumladan, 30 yil oldin tarqab ketgan mamlakatga qo`llanilgan cheklov choralarining sabablari bilan hech qanday aloqasi bo`lmagan O`zbekistonga nisbatan qo`llanilmasligi kerak. Kongressmen tegishli qo`mitada ushbu masala bo`yicha munozaralar boshlashini ma`lum qildi. Bundan tashqari, Ron Estes Byudjet ishlari bo`yicha qo`mita a`zolari, shuningdek, AQSh savdo vakili idorasi va mamlakatning boshqa tegishli tuzilmalari bilan maslahatlashuvlar o`tkazishga tayyorligini bildirdi.
AQSh Kongressidagi "Ayollar kokusi"ning hamraisi, Puerto-Rikodan saylangan respublikachi kongressmen Jennifer Gonsales Kolon ta`kidlashicha, Jekson-Venik tuzatishining O`zbekistonga nisbatan qo`llanishining olib tashlanishi juda kechikmoqda, chunki mamlakatda azaldan boshqa millat vakillariga do`stona munosabatda bo`lib kelingan, yahudiylarning harakatlanish erkinligi cheklanmagan. U kongressmen Trent Kelli bilan birgalikda mazkur tuzatishning O`zbekistonga nisbatan qo`llanishini tezlik bilan butunlay bekor qilish masalasini ilgari surishini qayd etdi.
AQSh Senatining Xalqaro munosabatlar qo`mitasi va Vakillar palatasining Xalqaro munosabatlar qo`mitasi mas`ul xodimlari ushbu masala bo`yicha qaror siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va inson huquqlariga oid sohalardagi vaziyat, mehnatkashlar huquqlari, intellektual mulkni himoya qilish, savdo to`siqlarini olib tashlash va bojxona tariflarini engillashtirish jabhasidagi ijobiy o`zgarishlar, AQSh bilan hamkorlik holati puxta va har tomonlama o`rganilgandan so`ng qabul qilinishini ta`kidladi.
Kongress vakillari elchixonaning ushbu tuzatishni O`zbekistonga nisbatan bekor qilish tashabbusini ilgari surishda yordam berishga tayyor ekanini bildirdi. Ularning fikriga ko`ra, sobiq tuzum davrida erkin harakatlanish huquqi chegaralangan yahudiy millatiga mansub aksariyat aholi uzoq vaqtdan beri tarixiy vatani - Isroilga, shuningdek, AQSh va Kanadaga ko`chib ketgan. Kongress xodimlari, shuningdek, parlamentning boshqa vakillarini Vakillar palatasining ushbu tuzatishni bekor qilish to`g`risidagi tashabbusini ilgari surish jarayoniga jalb qilishini bildirdi.
Elchixona ma`lumotiga ko`ra, AQSh Savdo vakili idorasi O`zbekistonning mamlakatni Jekson-Venik tuzatishi ta`siridan olib chiqish borasidagi sa`y-harakatlarini olqishlaydi. Ushbu tuzatish amaliyoti O`zbekiston-AQSh strategik sheriklik ruhi, o`zaro munosabatlarning bugungi izchilligi, shuningdek, O`zbekiston rahbariyatining Jahon savdo tashkilotiga a`zo bo`lish bo`yicha sa`y-harakatlariga mos kelmaydi, deb hisoblaydi.
Elchixonaning xabar berishicha, joriy yil aprel oyida Kongressda AQSh Savdo vakili idorasi vakillari ishtirokida maxsus brifing o`tkazish rejalashtirilgan. Anjuman mamlakatimizda inson huquqlari himoyasini ta`minlash va bozor iqtisodiyotini shakllantirish sohalarida qo`lga kiritilgan yutuqlarga bag`ishlanadi. Bu ham Jekson-Venik tuzatishining O`zbekistonga nisbatan qo`llanishini bekor qilishdagi qadam bo`ladi.
Eslatib o`tamiz, Jekson-Venik tuzatishi 1974 yilda Kongress a`zolari G.Jekson va C.Venik tomonidan 1974 yilgi Savdo to`g`risidagi qonunga kiritilgan huquqiy qoidadir. Tuzatish erkin emigrasiyani cheklash va davlat antisemitizmi siyosatini olib borgan mamlakatlarga qarshi savdo va moliyaviy cheklovlarni joriy etish maqsadida qabul qilingan. Sobiq ittifoq tugatilgandan so`ng ushbu tuzatish MDH davlatlari, shu jumladan, O`zbekistonga ham avtomatik tarzda tatbiq etilgan. Unga ko`ra, bozor iqtisodiyotiga ega bo`lmagan mamlakatlardan AQShga olib kiriladigan tovarlarga nisbatan alohida tariflar va bojlar qo`llash, shuningdek, davlat kreditlari va kredit kafolatlari berishni taqiqlash nazarda tutilgan.
Bugun O`zbekiston ushbu tuzatish ta`siridan vaqtincha («waiver») chiqarilgan. Bu masala har yili AQSh Kongressidagi tinglovlarda qayta ko`rib chiqilmoqda.