O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o`rinbosari Sodiq Safoev Yaponiya tashqi ishlar vazirining parlament o`rinbosari Satoshi Nakanishini qabul qildi.
Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investisiya, shuningdek, ta`lim va ekologiya sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, shu jumladan, parlamentlararo aloqalarni faollashtirish holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Ikki tomonlama munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish, mintaqada barqaror iqtisodiy o`sishni ta`minlash hamda Markaziy Osiyo davlatlari va Yaponiya o`rtasidagi aloqalarni mustahkamlash uchun platforma – “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti doirasida hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari ko`rib chiqildi.
Tomonlar ikki mamlakat madaniy-gumanitar sohalarda o`zaro aloqalarni rivojlantirishning hozirgi holati va istiqbollari, jumladan, oliy ta`lim yo`nalishida birgalikda olib boriladigan sa`y-harakatlarni yangi bosqichga ko`tarish masalalarini muhokama qildi.
Shuningdek, tomonlar hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar hamda o`zlarini qiziqtirgan masalalar bo`yicha fikr almashdilar.