2021 yilning 30 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg`oniston bo`yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev boshchiligidagi mamlakatimiz delegasiyasi Kobul shahriga tashrif buyurib, Afg`oniston Muvaqqat hukumati vakillari bilan uchrashuvlar o`tkazdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, Vazirlar Mahkamasi rahbariyati, Tashqi va Ichki ishlar, Jamoatchilik, Energetika va Iqtisodiyot vazirliklarida muzokaralar olib borildi. Mamlakatdagi mavjud vaziyat, Afg`oniston xalqiga insonparvarlik va boshqa yordam ko`rsatish borasidagi sa`y-harakatlar, energetika va transport sohalarida yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Afg`oniston Muvaqqat hukumat vakillari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevga ushbu sinovli damlarda afg`on xalqini faol qo`llab-quvvatlayotgani, mamlakatda tinchlik va osoyishtalik o`rnatilishiga ko`rsatayotgan yordami, yangi hukumat tomonidan afg`on zaminida tinchlik va barqarorlikni ta`minlashga qaratilgan qaratilgan sa`y-harakatlari uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
O`zbekiston tomonidan elektr energiyasini uzluksiz etkazish, O`zbekiston-Afg`oniston davlat chegarasi ish tartibini davom ettirish, Mozori Sharif xalqaro aeroporti faoliyatini tiklashga ko`maklashish, insonparvarlik yordamini o`z vaqtida ko`rsatish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga yuqori baho berildi.
Afg`oniston tomoni O`zbekiston tashabbusi bilan boshlangan Surxon – Puli-Xumri elektr uzatish liniyasi va Mozori Sharif-Kobul-Peshovar temir yo`li qurilishi kabi infratuzilma loyihalarini amalga oshirishni imkon qadar tezroq boshlashga tayyorligini tasdiqladi. Bu loyihalar mamlakatni mintaqaviy jarayonlarga bosqichma-bosqich jalb etishning asosiy omiliga aylangan integrasiya va o`zaro bog`liqlikka xizmat qiladi.
Afg`oniston vakillari O`zbekiston tomonini O`zbekiston va mintaqaning boshqa davlatlariga, umuman, butun dunyoga zarracha tahdid ham hech qachon ushbu davlat hududidan kelmasligiga ishontirdi.
Afg`onistonning yangi hukumati O`zbekiston bilan birgalikda ikki mamlakat xalqlarining buyuk ajdodlari – Alisher Navoiy (Hirot), Zahiriddin Bobur (Kobul), Abu Rayhon Beruniy (G`azna) va Boborahim Mashrab (Tahor) qo`nim topgan maskanlarda obodonlashtirish ishlarini olib borishga tayyorligini bildirdi. Mamlakat maktablari va oliy o`quv yurtlarida o`zbek tilini o`rganishga ham alohida e`tibor qaratiladi.
Afg`oniston tomoni mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlash yo`lida ikki mamlakat xalqlari manfaatlari yo`lida O`zbekiston bilan birodarlik va yaxshi qo`shnichilik munosabatlarini qo`llab-quvvatlash yo`nalishini bundan keyin ham davom ettirishga qat`iy ekanini tasdiqladi.