AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoev xususiylashtirish borasidagi ishlarni tanqid qildi

'Shavkat Mirziyoev xususiylashtirish borasidagi ishlarni tanqid qildi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev 8 noyabr kuni davlat mulkini xususiylashtirish bo`yicha joriy yilda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda

Yig`ilishda sohadagi ishlar ahvoli va kelgusi rejalar tanqidiy muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbarining topshirig`i bilan o`tkazilgan xatlov natijalariga ko`ra, tarmoq va hududlarda samarasiz ishlatilayotgan 2 mingta ob`ekt borligi aniqlandi.

Jumladan, neft-gaz tarmog`ida 210 ta, aloqa sohasi korxonalarida 152 ta, davlat tijorat banklarida 114 ta, kimyo tarmog`ida 44 ta, energetikada 28 ta sotiladigan bino bor. Viloyat hokimliklari balansida ham 170 ga yaqin bo`sh ob`ekt yillar davomida sotilmay turibdi.

Yig`ilishda bu borada sustkashlikka yo`l qo`ygan rahbarlarga intizomiy choralar ko`rilishi belgilandi, ayrimlari egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Joriy yilda sohadagi ishlarni faollashtirib, natijadorlikni ikki barobar oshirish zarurligi ta`kidlandi.

Masalan, hududiy ob`ektlar va noqishloq erlarni xususiylashtirish orqali yil yakunigacha jami 8 trillion so`mdan ziyod tushumni ta`minlash mumkin. 

Shu bilan birga, xatlovni davom ettirish zarurligi ko`rsatib o`tildi. Nosohaviy, samarasiz va bo`sh turgan aktivlarni aniqlash hamda ochiq savdolarga chiqarishga viloyat hokimlari va tarmoq rahbarlari shaxsan mas`ul etib belgilandi.

Bugungacha savdoga qo`yilgan 33 mingta er uchastkasini mulk huquqi asosida sotish, shuningdek, 1 iyulga qadar yana 25 mingta maydonni auksionga chiqarish vazifasi qo`yildi.

Yo`l, transport, neft-gaz, energetika, avtomobilsozlik tarmoqlariga qarashli 266 ta korxonani alohida yondashuv asosida savdoga chiqarish kerakligi aytildi. 

– "Hali ko`plab tarmoq rahbarlari tizimidagi nosohaviy korxonalarni samarasiz ishlatmoqda. Yirik tarmoqlarda 480 ta korxonadagi davlat ulushini to`liq xususiy sektorga berish mumkin", – dedi Shavkat Mirziyoev.

Shundan kelib chiqib, Bosh vazirga “O`zavtosanoat”, “O`zbekiston temir yo`llari”, “O`zbekneftegaz”, “Hududiy elektr tarmoqlari” kabi tarmoqlardagi tegishli ob`ektlarni to`liq xatlovdan o`tkazib, ularni xususiylashtirish bo`yicha taklif kiritish topshirildi.

“Farg`onaazot”, “Bektemir spirt zavodi”, “Qo`qon biokimyo”, “Dehqonobod kaliy zavodi”, “Kvars”, “Xayyat” kabi yirik majmualarga salohiyatli investorlarni jalb qilish muhimligi qayd etildi. 23 ta aksiyadorlik jamiyatining aksiyalarini birlamchi sotish orqali fond bozoriga chiqarish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

Bo`sh turgan binolardan foydalanishning yana bir usuli – ijara. Yig`ilishda bu boradagi imkoniyatlar ham ko`rsatib o`tildi. Hududlar va tarmoqlar tasarrufidagi davlat mulklari ijarasi hisobiga joriy yilda 500 milliard so`m tushumni ta`minlash mumkinligi aytildi.

Bundan buyon, uch oydan ortiq bo`sh turgan ob`ekt ijaraga berilishi yoki sotuvga chiqarilishi shartligi belgilandi. Davlat aktivlari agentligiga davlat ulushi bor korxonalarning ijara shartnomalarini ochiq-oshkora ro`yxatga olish va onlayn nazorat qilish tizimini yo`lga qo`yish bo`yicha topshiriq berildi. 

Yig`ilishda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, hududlar va tarmoqlar kesimida 2022 yil xususiylashtirish dasturi tasdiqlanadigan bo`ldi.

Boshqa yangiliklar