31 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoev huzurida Toshkent shahrida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti o`tkazildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Dastlab aholi hayot darajasini mahallalar kesimida o`rganish natijalari haqida ma`lumot berildi.
Ma`lumki, dunyoda Inson taraqqiyoti indeksi bor. U aholining hayot sifati, savodxonlik darajasi va umri davomiyligini qiyosiy baholaydigan ko`rsatkichdir. Bu davlatimiz rahbari ilgari surgan “inson qadrini ulug`lash” g`oyasi bilan hamohang.
Shundan kelib chiqib, Toshkent shahrida Inson qadri indeksini joriy etish bo`yicha taklif tayyorlangan. Buning uchun Chilonzor, Uchtepa, Sergeli va Yunusobod tumanlaridan bittadan mahalla tanlab olinib, aholi o`rtasida 56 xil masala bo`yicha so`rovnoma o`tkazilgan. Bu orqali mahallada qaysi soha oqsayotgani, odamlarda nimalarga talab borligi aniqlangan.
Taqdimotda shunday tahlilni sinov tariqasida poytaxt mahallalari kesimida yo`lga qo`yish, uning natijalariga qarab, muayyan hududga e`tiborni kuchaytirish taklifi bildirildi.

– Buning mezonlari qanday bo`ladi? Olti oy yoki yil yakunida nimaga erishiladi? Shuning uchun ilmiy asoslangan tizim kerak. Shahar hokimligida Situasion markazga o`xshash tahlil markazi tashkil qilish, dasturiy mahsulot yaratish zarur. Mahallabay ishlash oson emas, zimmamizga katta mas`uliyat olayapmiz. Bu tizim qaysi mahallaga, qaysi ko`chaga birinchi bo`lib kirishni ko`rsatib berishi kerak. Hamma ishlarni jamoatchilik bilan maslahatlashib, mahalliy kengashlarda tasdiqlab, tartib bilan bajarish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoev.
Indeks loyihasini mutaxassislar bilan muhokama qilib, har tomonlama takomillashtirish, sektor rahbarlariga bu tizimni o`rgatish bo`yicha tavsiyalar berildi. Bu ularning o`z ish uslubini o`zgartirishga undashi ta`kidlandi.

Taqdimotda investisiya va eksport masalalari ham ko`rib chiqildi.
Xususan, bu yil poytaxtimizda 738 ta loyiha bo`yicha jami 3 milliard 800 million dollar investisiya o`zlashtirilishi qayd etildi. Shundan 2 milliard dollari to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyadir. 500 ta loyiha joriy yilning o`zida ishga tushirilib, 27 mingta yangi ish o`rni tashkil etiladi.
Investisiya loyihalarini mahallalar kesimida shakllantirish choralari, bu sohada 2022-2026 yillarga mo`ljallangan maqsadli ko`rsatkichlar haqida ham axborot berildi.
Davlatimiz rahbari Toshkent shahrining moliyaviy, iqtisodiy imkoniyatlari kengligini, hududiy loyihalarni ko`paytirib, har bir tumanga qo`shimcha 100 million dollar jalb qilish mumkinligini ta`kidladi.

Tashqi savdo borasida ham “o`sish nuqtalari” belgilab olingan. Xususan, joriy yilda Toshkent shahri eksporti 1 milliard 400 million dollar bo`lishi kutilayotgan bo`lsa, 2026 yilga borib bu ko`rsatkichni 2 milliard 500 million dollarga etkazish mo`ljallangan.
Yirik xalqaro brendlarni jalb qilish orqali ham ichki bozor talabini qondirish, ham eksportni oshirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.
Videoaloqa orqali tuman hokimlari va sektor rahbarlari bilan mahallabay ishlash masalalari yuzasidan muloqot bo`ldi.






