Qonun (O`RQ-785-son, 26.07.2022 y.) bilan Soliq kodeksiga qo`shimcha va o`zgartirishlar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Unga ko`ra, mobil aloqa xizmatlariga nisbatan soliq stavkalari 10 foiz etib belgilandi (ilgari 15 foiz edi).
Shu bilan birga, norezidentlar bo`lgan jismoniy shaxslarning mehnat shartnomalari va fuqarolik-huquqiy xususiyatdagi shartnomalar bo`yicha olingan daromadlari (dividendlar va foizlar hamda fraxtdan olingan daromadlardan tashqari) uchun soliq stavkalari 12 foiz etib belgilandi.
Qonun bilan qishloq joylarda joylashgan (bundan shaharlar va tumanlarning markazlari mustasno) antenna-machta metall konstruksiyalari, shuningdek ularga o`rnatilgan hamda ularning ajralmas qismi bo`lgan konstruksiyalar egallagan er uchastkalariga soliq solinmasligi belgilandi.
2022 yil 1 apreldan 2024 yil 31 dekabrgacha respublika rezidentlari va norezidentlari bo`lgan jismoniy shaxslarning (aksiyadorlarning) aksiyalar bo`yicha dividendlar tarzidagi daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`idan ozod qilinadi.
Shuningdek, Prezidentning va Hukumatning 2022 yil 1 iyulgacha qabul qilingan hujjatlarida nazarda tutilgan bojxona boji bo`yicha imtiyozlar ularning amal qilish muddati tugaguniga qadar amal qiladi.